22:45 / 06.10.2020
3639
Shumanayning 4ta sektor rahbari xalqdan kechirim so‘rab, tumanni «qizil» hududdan chiqarish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni taqdim etdi

6 oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani kengashining navbatdagi 13-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, sessiyada 1-sektor rahbari B.Yangibayev va boshqa sektor rahbarlari tomonidan tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tufayli «qoniqarsiz» darajaga tushib qolishi yuzasidan izoh berildi.

Sessiyada tuman rahbarlari kamchiliklar «yo‘l xaritasi» asosida bartaraf etilishini aytib, tuman ahli va deputatlardan kechirim so‘radi.

Shumanay tumani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha 12,36 ball jamg‘arib, «qoniqarsiz» deya baholangan.

2019 yil yakunlari bo‘yicha tumanning «qoniqarsiz» darajaga tushib qolishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgani bildirildi:

  • Iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha aholi jon boshiga 1 mln 11 ming so‘mga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanoatidagi ulushi 0,46 foizni tashkil etdi.
  • Hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 2019 yilda 56 mlrd 541 mln so‘mni tashkil qilib, juda past ko‘rsatkichni ko‘rsatgan.
  • Tumanda aholi murojaatlari bilan ishlash ko‘rsatkichi ham qoniqarsiz darajada ekanligi qayd etilgan. O‘tgan 2019 yilda prezident portali, Xalq qabulxonasi va virtual qabulxonadan 32ta qayta murojaatlar kelib tushib, ularning yechimida kamchiliklar ko‘zga tashlangan.

Tuman hokimi Bahodir Yangibayevning ta'kidlashicha, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bir qator ishlar boshlab yuborilgan.

Jumladan, 2017–2019 yillarda amalga oshirilgan loyihalar 2020 yilga kelib o‘zining dastlabki samarasini bermoqda. Xalq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan 9 oy davomida 25 ta sanoat korxonalari yangidan tashkil qilingan. Shu kunga qadar tumanda umuman yirik korxonalar yo‘q bo‘lsa, joriy yilning mart oyida «Shomanay eko teks» korxonasi tomonidan qiymati 20,9 mln dollarlik, quvvati 7300 tonna ip kalava ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Natijada 480ta doimiy ish haqi to‘lanadigan ish o‘rni yaratildi. O‘tgan davr mobaynida 80 mlrd so‘mlik (3,4 ming tonna) mahsulotlar ishlab chiqarilib,2,1 mln dollarlik mahsulotlar Xitoy, Rossiya, Turkiya va Belarus davlatlariga eksport qilingan.

Bundan tashqari, joriy yil 3 avgust kuni «Liantay likrays» korxonasida 100 foiz xorijiy investorlar mablag‘lari hisobiga loyiha qiymati 1,2 mln AQSh dollarlik qizilmiya ildizini qayta ishlashda yiliga 400 tonna SJA kukunini ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi va 60ta ish o‘rni yaratildi. Korxonada shu kunga qadar 117 ming dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilgan. Yil yakuniga qadar 1,3 mln dollar qiymatdagi mahsulotlar eksportga chiqarilishi ta'minlanadi.

2021 yilda yana bitta yirik sanoat ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Ya'ni «Shomanay teks» korxonasida 2021 yilda loyiha qiymati 5,9 mln dollarlik yiliga 3,5 mln metr kvadrat brezent va gabardin mato ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan shu yil 2,8 karraga (165,1 mlrd so‘m) o‘sishi, aholi jon boshiga esa 1 mln so‘mdan 2,9 mln so‘mga oshirilishi kutilmoqda.

Top