08:01 / 15.10.2020
5310
O‘zbekiston maktabgacha ta'lim sohasiga «ikkinchi ona tili» degan iboraning kiritilishi rejalashtirilmagan - MTV

Internetda O‘zbekiston maktabgacha ta'lim tashkilotlarida rus tilining “ikkinchi ona tili” sifatida o‘rganilishiga oid xabarlar tarqaldi. Maktabgacha ta'lim vazirligi ushbu xabarlar noto‘g‘ri talqinda ekanligi va haqiqatdan yiroqligini bildirdi.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Qayd etilishicha, maktabgacha ta'lim tashkilotlaridagi ta'lim-tarbiya jarayonida ikkinchi til o‘rganilishi ko‘zda tutilgan (til biluvchi o‘qituvchining borligi inobatga olingan holda). Ushbu ikkinchi til istalgan til, xususan, rus tili ham bo‘lishi mumkin.

Vazirlikning ma'lum qilishicha, ota-onalar istagi bilan bolalar ta'lim rus tilida olib boriluvchi va rus tilida so‘zlashuvchi guruhlarga o‘tkazilishi mumkin.

Ta'lim o‘zbek tilida olib boriluvchi guruhlarda, shuningdek, yengil, bazaviy ko‘rinishda rus tilini o‘rganish, rus tilida so‘zlashuvchi guruhlarda esa davlat tilini o‘rganish ko‘zda tutilgan. Til biluvchi o‘qituvchilar bo‘lsa – ingliz, nemis, koreys va boshqa tillar ham o‘rgatilishi mumkin.

“Ayni damda maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ikkinchi tilni o‘rgatishni yo‘lga qo‘yishda hal qilinishi muhim bo‘lib turgan masalalardan biri - bolalarni ikkinchi tilga o‘rgatuvchi mutaxassislarni tayyorlashdir. Aynan shu bois, Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan kadrlar tayyorlash yo‘nalishida tinimsiz ish olib borilmoqda. Shu jumladan, ta'limni rus va ingliz tillarida olib bora oladigan mutaxassislar Toshkentdagi Puchon universitetining filiali hamda ochilishi 2021 yilda kutilayotgan A.I. Gersen nomidagi Rossiya pedagogika universitetining filialida tayyorlanishi ko‘zda tutilgan”, - deyiladi ma'lumotda.

Vazirlikning alohida ta'kidlashicha, O‘zbekiston maktabgacha ta'lim sohasiga “ikkinchi ona tili” degan iboraning kiritilishi va uning qo‘llanilishi rejalashtirilmagan.

Top