14:43 / 22.10.2020
3159
Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi 22 oktabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Markaziy bankida navbatdagi Boshqaruv yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ishtirok etib, asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolgani haqida ma'lum qildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, ushbu qaror real foiz stavkalar ijobiyligini saqlab qolish, yuzaga kelgan vaqtinchalik inflyatsion xatarlar fonida iqtisodiy faollikni yanada rag‘batlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilishi va o‘rta muddatli davrda inflatsiya dinamikasi yanada sekinlashishi o‘rtasidagi muvozanatni ta'minlashga qaratilgan.

«Markaziy bank inflatsiyaning yil yakuni bo‘yicha prognozini yillik 11-12,5 foiz darajasida saqlab qoldi va Hukumat bilan birgalikda unga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘radi.

Asosiy stavka bo‘yicha kelgusidagi qarorlar inflatsiyaning joriy va prognoz dinamikasining shakllanishi, shuningdek ichki va tashqi xatarlarni baholash asosida qabul qilinadi», deyiladi Markaziy bank press-relizida.

Top