17:50 / 27.10.2020
146788
Makronning gaplari musulmon olamini junbishga keltirdi. U nima degan edi?

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron islom dini «dunyo bo‘ylab inqiroz holatida» deya ta'kidlashi va payg‘ambar karikaturasi chizilishini himoya qilib chiqishi ortidan, Yaqin Sharq mamlakatlarida fransuz tovarlariga boykot e'lon qilindi. Musulmonlar ijtimoiy tarmoqlarda Makronning so‘zlariga nisbatan toqatsizligini turli shakllarda izhor qilmoqda.

Istanbuldagi aksiya. 25 oktabr 2020 yil.
Foto: Emrah Gürel / AP

Arab mamlakatlarida bir nechta yirik supermarketlar tarmoqlari Fransiya mahsulotlariga nisbatan boykotga qo‘shilgan. Kuvaytda 430ga yaqin sayyohlik agentliklari Fransiyaga chipta sotishni to‘xtatdi. Qatar universiteti rejalashtirilgan fransuz madaniyati haftaligini «islom va uning ramzlariga qasddan qilingan hujum» sababli noma'lum muddatga qoldirdi.

Qator shaharlarda, xususan Fransiyaning Iroq va Isroildagi elchixonalari oldida mitinglar bo‘lib o‘tdi, ularda uchrangli bayroq va Makronning suratlari yoqildi.

Fransiyaning Bag‘doddagi elchixonasi oldidagi namoyish. 26 oktabr, 2020 yil.
Foto: Reuters / Teba Sadiq

Islom hamkorlik tashkiloti fransuz yetakchisining chaqirig‘ini qoralab bayonot e'lon qildi. Eron, Pokiston, Iordaniya va Marokash hukumatlari ham Makronning xatti-harakatlaridan norozilik bildirdi.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi esa boykot e'lon qilish uchun «asos yo‘q»ligini ta'kidlagan holda, hukumatlarni fransuz tovarlari boykot qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirib rasmiy reliz tarqatdi.

Qatardagi supermarketlardan biri fransuz pishloqlarini sotuvdan olib qo‘ydi. 25 oktabr, 2020 yil.
Foto: AFP
Fransuz tovarlariga boykot e'lon qilgan Kuvayt shahridagi do‘kon. 24 oktabr, 2020 yil.
Foto: Getty Images

Noroziliklar yoyilishida ayniqsa Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning bayonotlari alohida ahamiyat kasb etmoqda, u oxirgi uch kundan buyon qilayotgan ketma-ket chiqishlarida Makronni keskin tanqid ostiga oldi.

Erdo‘g‘an 24 oktyabrda fransiyalik hamkasbini «psixik tekshiruvdan o‘tkazish» kerakligini aytdi; ertasiga shu fikrini takrorlab, «Makron haqiqatan ham ruhiy ko‘rikdan o‘tishga muhtoj» deya ta'kidladi. 26 oktyabrda esa Turkiya xalqini fransuz mahsulotlarini sotib olmaslikka da'vat qildi.

Rasmiy Parij dastlabki bayonotdan keyinoq Anqaradagi elchisini chaqirib oldi. Shu o‘rinda Turkiya va Fransiya prezidentlari so‘nggi vaqtlarda boshqa bir nechta masalalar, xususan Tog‘li Qorabog‘, O‘rta Yer dengizidan gaz qazib olish, Suriya va Liviyadagi nizoli masalalarda ham tez-tez bir-birini OAV orqali tanqid qilib turganini eslab o‘tish joiz.

Makron nimalar degandi?

Fransiya – Yevropaning eng ko‘p musulmon yashovchi davlati sanaladi. Makron esa ushbu 6 millionga yaqin musulmon mamlakat ichida «o‘z kontr-jamiyati»ni shakllantirishni istayapti, deb hisoblamoqda. U bundan qariyb bir oy oldin – 2 oktyabrda shu mavzuda bir soatlik ma'ruza bilan chiqish qilgan va dekabr oyida fransuz jamiyatidagi «islom separatizmi»ning oldini olishga doir yangi qonun loyihasini parlamentga taqdim etishini e'lon qilgandi.

Emmanuel Makron separatizmga qarshi kurash strategiyasini taqdim etmoqda. 2 oktabr, 2020 yil.
Foto: Eric Tschaen/SIPA/Rex/Shutterstock

Prezident 1905 yilda qabul qilingan, dinni davlatdan ajratish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritishni taklif etyapti. Qonun qabul qilinsa, mahalliy rahbarlarga ekstremizmga qarshi kurashda yangi vakolatlar beriladi, masjidlarning moliyalashtirilishi ustidan nazorat kuchaytiriladi, imom sifatida ishlash uchun Fransiyaning o‘zida o‘qish va sertifikat olish talab etiladi (ayni paytda Fransiyadagi imomlarning yarmi turkiyaliklardir).

Yuqoridagilar bilan birga, Emmanuel Makron mamlakatda islom madaniyati va arab tilini o‘qitishga mablag‘ ajratish, boshqa ijtimoiy muammolarga olib keluvchi uysizlik va qashshoqlikni kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni taklif etgan. Shu va boshqa choralar, prezidentning fikricha, Fransiyada «ma'rifiy islom» muhitini yaratish va bu muhitni «tashqi ta'sirlar»dan himoyalash imkonini beradi.

U nutqining eng ko‘p e'tirozlarga sabab bo‘layotgan qismida: «Islom dini dunyo bo‘ylab inqiroz holatini boshdan kechirmoqda», deya ta'kidlagan. The Guardian'ga ko‘ra, Makron bu bilan IShID jihodchilari, vahobiylik va salafiylik kabi yo‘nalishlarni nazarda tutgan. «Biz dunyodagi barqarorlik va tinchlikka mos bo‘lmagan siyosiy Islomga ishonmaymiz», degan u. Shu bilan birga, fransuzlar yetakchisi ekstremistlar musulmonlarni yomonotliqqa chiqarayotganini aytib, ularning tuzog‘iga tushib qolmaslikka chaqirgan.

Makronning bu bayonoti o‘sha vaqtning o‘zida hozirgichalik katta rezonans keltirib chiqarmagandi. 6 oktyabrda Erdo‘g‘an fransiyalik hamkasbining bu gaplarini «mustamlakachilarga xos» va «hurmatsizlik uyoqda tursin, ochiqchasiga provokatsiya» deb atagani, «Siz kim bo‘libsizki, Islom asoslari haqida gapirasiz?» deya, Makronga «o‘zi tushunmaydigan narsani gapirayotganda e'tiborli bo‘lish»ni maslahat bergani ham unchalik shov-shuvga sabab bo‘lmadi.

Musulmonlar g‘azabini keltirgan asosiy voqea – karikaturalar mavzusining yana ko‘tarilishi bo‘ldi.

Parijda navbatdagi ekstremistik akt va Makronning karikaturalarni himoya qilib chiqishi

Emmanuel Makronning ma'ruzasidan ikki hafta o‘tib, 16 oktabr kuni Parij chekkasidagi tumanlardan birida maktabning tarix fani o‘qituvchisi shafqatsiz ravishda o‘ldirib ketildi: u bo‘ynidan pichoq bilan bo‘g‘izlanib, boshi tanasidan uzib olingan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, Samyuel Pati ismli bu o‘qituvchi qotillikdan bir necha kun oldin maktabda, fikr bildirish erkinligiga bag‘ishlangan darsda bir nechta karikaturalar sirasida Muhammad alayhissalomning «Sharli Ebdo» jurnalida bosilgan karikaturasini ham bolalarga namoyish etgan. O‘quvchilardan biriga ko‘ra, u 2015 yilda ushbu jurnal tahririyatiga uyushtirilgan qonli bosqindan keyin har yili shu mavzudagi darsda muhokama uchun mazkur karikaturalardan foydalangan, suratni ko‘rsatishdan oldin musulmon bolalar istasa sinfdan chiqib turishi mumkinligini bildirgan.

Qotil – Abdulla Anzorov ismli 18 yoshli chechen bo‘lib chiqdi. U Moskvada tug‘ilib, Fransiyada qochqin maqomida bo‘lgan. Yigit qotillik sodir etgan kuni shu atrofdan topilgan; uni hibsga olishga uringan politsiyachilarga qarata o‘q uzgach, otib tashlanishi oqibatida vafot etgan.

Voqea Fransiya Respublikasi qadriyatlarini ustuvor deb biluvchilarga Emmanuel Makronning bir necha kun oldingi takliflari dolzarbligini yana bir bor isbotlagandek bo‘ldi. Mamlakatning o‘nga yaqin shaharlarida hodisani qoralab minglab odamlar tinch namoyishlarga chiqdi.

Parijdagi Respublika maydoni. Namoyish ishtirokchilarini Je Suis Prof. («Men – o‘qituvchiman») shiori birlashtirdi.
Foto: Charles Platiau / Reuters

Makron voqeani terakt deb atab, halok bo‘lgan o‘qituvchi sharafiga iliq so‘zlar aytdi va uni qahramon deb ta'rifladi. «Vatandoshimiz bolalarga so‘z erkinligini, e'tiqod qilish yoki qilmaslik huquqini o‘qitgani uchun o‘ldirildi», dedi u. Siyosatchining fikricha, o‘qituvchi «o‘zida respublika qadriyatlarini aks ettirgani sababli» qotillik qurboni bo‘lgan. «U o‘ldirildi, chunki islomchilar bizning kelajagimizni egallab olmoqchi. Chunki ular aynan shu kabi oddiy qahramonlar borligi tufayli hech qachon kelajagimizni olib qo‘ya olmasliklarini bilishadi», dedi Fransiya prezidenti.

Makron, shuningdek, respublika tarixida karikaturalar muhim ijtimoiy-siyosiy o‘ringa ega ekanini ta'kidlab, Fransiya karikaturalardan «voz kechmasligi»ni e'lon qildi. Bu esa unga qarshi ijtimoiy tarmoqlarda ketayotgan kampaniya, arab davlatlarida kuzatilayotgan boykot kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Emmanuel Makron (markazda) o‘qituvchi ​​​​​Samyuel Patining vidolashuv marosimida. Sorbonna universiteti, 21 oktabr, 2020 yil.
Foto: AFP
Foto: AFP

«Bir shaxsning erkinligi ikkinchi shaxsning sha'ni boshlangan joyda tugaydi»

Ushbu voqealar sabab qator mualliflar diniy e'tiqodni tahqirlovchi materiallar «so‘z erkinligi» konsepsiyasi bilan himoya etilmasligi kerakligi haqida yozishmoqda.

«U [Makron] Fransiya fuqarolari respublika qadriyatlarini hurmat qilishini istamoqda, o‘zi esa musulmonlarning qadriyatlarini hurmat qilmayapti. Makronning islomga toqati yo‘q, lekin ayni vaqtda u musulmonlardan ularning diniga qaratilgan tahqirlashlarga nisbatan toqatli bo‘lishni so‘rayapti», – deb yozadi Daily Sabah kolumnisti Merve Shebnem Oruch.

Fransiyada yashayotgan o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov mavzuga munosabat bildirdi.

«Afsus, Fransiya musulmon va islomchi, islom va ekstremist o‘rtasida qat'iy tenglik belgisini o‘rnatib bo‘ldi. Nega qo‘shni Germaniya, Ispaniya, Italiya va ayniqsa Buyuk Britaniya yoki AQShda karikaturalar muammosi yo‘q? Nega faqat Fransiyada shunday muammo bor?! Chunki bu mamlakatlarda elementar narsalarni hisobga olishadi: inson sha'ni, fundamental qadriyatlarni masxara qilib bo‘lmaydi.

Fransiyada diniy ramzlar ustidan kalaka qilishni erkinlik va huquq deb qabul qilishlari achinarli. Axir hammaga ayon: bir kishi yoki kishilar guruhining huquqi boshqalarning sha'ni, erkinligi va xavfsizligi boshlangan joyda tugaydi», – deya fikr bildirgan Rabbimov.

Top