15:28 / 28.10.2020
41701
Toshkentda chet el fuqarosi odamlarni bir necha o‘n milliard so‘mga aldab ketdi. IIV nega izoh bermayapti?

Fuqaro taklif qilingan texnikalarni sotib olish uchun Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan «DOM TEHNIKI» MChJning bankdagi hisob raqamiga 545 mln so‘m mablag‘ o‘tkazgan. Ammo hanuzgacha na puli va na texnikalardan darak yo‘q. Bu firmadan jabrlanganlar yuzga yaqin, umumiy zarar esa 50 mlrd so‘m atrofida ekani aytilmoqda.

Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan fuqaro Bahodir Qodirov 2019 yil may–avgust oylarida «DOM TEHNIKI» MChJdan turli texnikalarni sotib olish maqsadida 545 mln so‘m to‘lov qilgan. Ammo bugunga qadar texnikalarni olmagan, firma rahbarlari esa qochib ketgan.

Uning ta'kidlashicha, o‘zi kabi ushbu firmaga aldanib qolgan fuqarolar soni anchagina, zarar ham shunga yarasha.

«Shartnoma imzolab, pulni to‘ladim va texnikalarni topshirish muddatini kutib yurdim. Ushbu muddatgacha firma rahbari bo‘lgan Turkiya fuqarosi Xayretdin Kutukchu bilan uchrashib turdim. Shartnomalarda ko‘rsatilgan texnikalarni topshirish muddati ham keldi, ammo topshirilmadi. Firma rahbari bugun-erta topshiramiz, deb aldab yurib, shu orada birdaniga g‘oyib bo‘lib qoldi. Na pul, na texnika berildi, hech narsa yo‘q.

Shundan keyin barcha pul to‘lagan fuqarolar tashvishga tushib, dastlab 2-3 kun ofis eshigi oldida to‘planib turdik. Foyda bermagach, Yakkasaroy IIBga ariza bilan murojat qildik. Bu voqeaga ham bir yildan oshdi, lekin hamon ayblanuvchini ushlash va ishni tegishli sudga oshirish choralari ko‘rilgani yo‘q. Tergov esa vaqtincha to‘xtatilgani aytilmoqda», – deydi Bahodir Qodirov.

Qodirov «DOM TEHNIKI» MChJga jami 3ta texnika – yuk ortuvchi mashina, samosval va ekskavator uchun jami 545 mln so‘m miqdorida boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan. Umuman olganda, ushbu MChJ vakillari mijozlar bilan bir ish kuni ichida texnika narxining 50 foizi, tovar omborxonaga yetib kelganidan so‘ng qolgan 50 foizini qabul qilib, tovarni taqdim etish sharti bilan shartnomalar tuzgan.

«Bu borada uchrashmagan, bormagan joyimiz qolmadi. IIV, TIV, Prezident virtual qabulxonasi, hatto Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga ham bordik, hech kim eshitishni xohlamaydi. Bu qilmish oddiy bir mayda jinoyat emas-ku? Jabrlanuvchilar bilan yig‘ilib, o‘marib ketilgan pullarni hisob-kitob qilsak, yetkazilgan zarar 50 milliard so‘mdan oshib ketyapti. Bu kichkina pul emas-ku?

O‘zbekiston fuqarolarini bir chet el fuqarosi shuncha pulga aldab ketsa, biz odamlar yuqoridagi tashkilotlardan ortib yana kimga murojaat qilaylik? Dardimizni kimga aytishni ham bilmay qoldik», – deya o‘z boshidan o‘tganlarini hikoya qildi B.Qodirov.

Shuningdek, u boshqa aldanganlar bilan birga jinoyat ishi bo‘yicha ma'lumot so‘rab Yakkasaroy tumani IIBga borganini, ammo IIB xodimlaridan: «Ish ko‘rilyapti, firma vakillari qidiruvga berilgan, topilsa hal bo‘ladi», – degan javobdan ortiq ma'lumot olishmaganini ma'lum qildi.

Tergovchining jabrlanuvchilarga bergan ma'lumotiga qaraganda, ayni damda «DOM TEHNIKI» MChJning bankdagi hisob raqamida firma rahbari yechib olishga ulgurmagan pullari mavjud. Bu pullar jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan vaqtda IIB tomonidan bankka xat yuborilib, hisob raqam muzlatilgan.

Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentidan ma'lumot olishga oz emas, ko‘p emas 5 kun urindik. Avvaliga departamentning jamoatchilik bilan aloqalar uchun mas'ul xodimi rahbariyat ruxsatini olishi uchun rosa 4 kun ketdi. Ruxsat tekkandek ham bo‘ldi-yu, ammo ma'lumotdan darak bo‘lmadi.

Ommaviy axborot vositasigaki munosabat shunday bo‘lgach, oddiy fuqaroning so‘rovlariga qanday javob berilishini tasavvur etib ko‘rdik. Angladikki, jabrlanuvchilarning e'tirozlari haqli: ularga to‘g‘ri va batafsil ma'lumot berilmas ekan, ichki ishlar idoralari faoliyatining shaffofligiga shubhalari ortaveradi.

Yuzlab vatandoshlarimizni qaqshatib ketgan bu ajnabiy kimligiga qiziqish bildirgan holda Ichki ishlar vazirligidan ma'lumot kutib qolamiz.

Abbos Salaydinov

Top