Jamiyat | 13:25 / 06.12.2021
34813
2 daqiqa o‘qiladi

Firibgarlik va o‘zlashtirish jinoyatlari uchun javobgarlik qat'iylashtirilishi kutilmoqda

Endilikda mulkiy xarakterdagi ayrim jinoyatlar oqibatida yetkazilgan zarar to‘liq qoplanmaguncha mahkumlarga tayinlangan jazo yengillashtirilmasligi mumkin.

Korrupsion jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlashga qaratilgan qonun loyihasida quyidagi jinoyatlarni sodir qilib, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga jazoni yengillashtiruvchi normalarni qo‘llamaslik nazarda tutilmoqda:

  • o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (JK 167-modda);
  • firibgarlik (JK 168-modda);
  • soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-modda).

Ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga Jinoyat kodeksining jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish (73-modda) va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish (74-modda) bo‘yicha qoidalari qo‘llanmasligi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilishda (JK 64-modda) va jazoni ijro etish muddati o‘tib ketgani munosabati bilan jazodan ozod qilishda (JK 69-modda) korrupsion jinoyatlar uchun alohida muddatlar belgilanmoqda. Xususan, loyihada ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sodir etilgan kundan boshlab — o‘n yil muddat, shuningdek, korrupsiyaga oid og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun bunday muddatlar qo‘llanmasligi belgilangan.

Avvalroq, Kun.uz firibgarlar tomonidan yetkazilgan zarar qoplanmasa ham, ularga nisbatan jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanayotgani haqida tanqidiy maqola e'lon qilgandi.

Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilib, deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PF-6257-sonli farmonida korrupsion jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash, bunday jinoyatlar uchun tayinlangan jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanishiga cheklovlar belgilash nazarda tutilgan.

Mavzuga oid