14:44 / 02.11.2020
8748
Shuhrat G‘aniyev: Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston YaIMning 28 foizini tashkil etmoqda

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti O‘zbekiston eksport tushumlarining 10 foizdan ortig‘ini hosil qilmoqda. Bu haqda bosh vazirning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev ma'lum qildi. 

U Toshkentda BMTning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha tashkiloti  - FAOning Yevropa mintaqaviy anjumani doirasida shu haqda so‘z yuritdi. 

«Dunyodagi qashshoq aholining 65 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi va qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. 21-asrda ham oziq-ovqat yetishtirish tizimi bilan bog‘liq masalalar qashshoqlikka qarshi kurash, uni qisqartirishning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 

Bundan tashqari, qishloq joylarda ish o‘rinlarini yaratish va YaIMdagi ulushini yaratish ham qishloq xo‘jaligini rivojlanishiga bog‘liqdir», - dedi hukumatning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha kompleksi rahbari Shuhrat G‘aniyev. 

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligining iqtisodiy jihatdan o‘sishi qashshoqlik darajasining pasayishiga boshqa har qanday sohaga nisbatan 2,4 baravar ko‘proq ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. 

«Ushbu anjuman kun tartibiga qo‘yilgan masalalar O‘zbekiston uchun ham dolzarb hisoblanadi. Agrar sohasi mamlakat iqtisodiyotining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston YaIMning 28 foizini tashkil etadi. Bu sohada mehnatga layoqatli aholining 27 foizi, yoki 3,6 mln kishidan ortiq kishi band hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 10 foizni tashkil etib, mamlakat eksport daromadida muhim o‘rin tutadi», - dedi Shuhrat G‘aniyev.

Eslatib o‘tamiz, BMTning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha tashkiloti  - FAOning Yevropa mintaqaviy anjumani ilk bor O‘zbekiston raisligida bo‘lib o‘tmoqda.

Top