14:45 / 06.11.2020
3622
Davlat boshqaruvida sun'iy intellekt nima uchun kerak? Vazir o‘rinbosari tushuntirib berdi

O‘zbekistonda sun'iy intellektni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanishi kutilmoqda. Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu yo‘nalishga e'tibor qaratish nima uchun muhimligiga to‘xtalib o‘tdi.

Foto: KUN.UZ

«Sun'iy intellekt yo‘nalishida ikki yildan beri izlanish olib bormoqdamiz. Hozirgi kunda juda ko‘p rivojlangan davlatlarda bu sohani takomillashtirishga alohida urg‘u berilyapti. Sababi globallashuv jarayonida ko‘p ma'lumotlar elektron tarzda qabul qilinmoqda. Juda ko‘p ma'lumotlarga egamiz, lekin ularni tahlil qilishga inson idroki ojizlik qiladi. Shuning uchun ham sun'iy intellektga yuzlanilmoqda.

Misol uchun, davlat boshqaruvini olaylik. Bu yo‘nalishga sun'iy intellektni joriy etilishi juda yaxshi natija beradi. O‘zbekistonda tashkil etilgan yaxshi tadbirlardan biri – prezident va bosh vazir qabulxonalari ishlayotganidir. Bu orqali xalq bilan muloqot bo‘lyapti. Juda ko‘p ma'lumot xalqdan murojaat sifatida kelyapti. Lekin uni tahlil qilish uchun inson omili biroz ojizlik qilishi yoki uzoq vaqt talab etishi mumkin.

Agar shu jarayonda sun'iy intellektdan foydalansak, qaysi viloyatda kayfiyat qanaqa ekanini bilishimiz oson bo‘ladi. Qaysi hududda masalan, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida muammolar ko‘p. Qaysi joyda ta'lim yoki qishloq xo‘jaligida kamchiliklar bor. Bularning barchasi inson omilisiz aniqlanadi.

Bunga qarab davlat o‘z siyosatini olib borishi yanada yaxshi samara beradi. Bundan faqat to‘g‘ri ma'noda foydalanish kerak. Ya'ni murojaatga tezda e'tibor berish va kelajakda xalqimizning og‘riqli nuqtalarini aniqlab, o‘shaning oldini olish choralarini ko‘rish lozim», – dedi vazir o‘rinbosari.

Azimjon Nazarov sun'iy intellekt sohasida jahon tajribasi va uni O‘zbekistonda rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

«Misol, Xitoy tajribasini olaylik. Aeroportga kelayotgan yo‘lovchini video yoki suratidan uning kayfiyati, sog‘lig‘ining darajasi, hatto qanaqa fikrda kelayotganini ham sun'iy intellekt orqali aniqlaydigan texnologiyalari bor ularning. Uskuna tezda va kerakli vaqtda inson holatini tahlil qilib beradi.

Bunday texnologiya, masalan, turistlar keladigan bo‘lsa, ularga kayfiyatiga qarab mezbonlik qilishda qo‘l keladi. Shu bilan birga, xavfsizlik masalasida ham foydasi katta.

«O‘zbekiston uchun sun'iy intellektni rivojlantirishga juda erta, biz bunga tayyor emasmiz», deyishimiz mumkin, lekin agar raqobatbardosh bo‘laman, bu yo‘nalishda mutaxassisligimizni rivojlantiraman desak, albatta mazkur sohaga e'tibor berishimiz kerak.

Shu sababli oxirgi ikki yil davomida tahlillar qildik va ushbu yo‘nalishdagi asosiy muammolarimizni o‘rgandik.

Birinchi navbatda kadr masalasi muammo. Ikkinchidan, sun'iy intellekt bo‘yicha deyarli ilmiy faoliyat olib borilmayapti. Uchinchidan, normativ-huquqiy baza hali shakllantirilmagan.

Shuning uchun soha mutaxassislari bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzib O‘zbekistonda ham sun'iy intellektni rivojlantirish strategiyasi borasida ish olib boryapmiz. Ya'ni shu strategiya doirasida birinchi navbatda yuqorida aytilgan muammolar hal qilingach, xalqaro hamkorlik orqali qaysi sohalarga tatbiq qilishimiz mumkinligi o‘rganilmoqda.

Ko‘pgina davlatlar qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida ham sun'iy intellektdan foydalanyapti. Bilamiz, juda ko‘p ekin yerimiz bor. Ekinlar ekamiz va ma'lumotlar juda ko‘p. Kelajakda qishloq xo‘jaligi ham raqamlashtirilishi mumkin.

Masalan, Rossiya sun'iy intellektning 3 ta yo‘nalishiga e'tibor qaratdi. Bular – sud-huquq tizimi, mudofaa va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari.

Misol, sud-huquq tizimida juda ko‘p ma'lumotlar bor. Bilamiz, sudlarda tom-tom hisobotlar, hujjatlar o‘rganiladi, tahlil qilinadi. Unda inson omili natijasida ba'zi bir xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Sun'iy intellekt buning oldini oladi va ma'lum bir maslahatlar beradi. Bu sohani biz intellektual qaramlikdan qochish uchun ham rivojlantirishimiz kerak», – dedi Azimjon Nazarov.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida O‘zbekistonda sun'iy intellektni rivojlantirish strategiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan edi.

Sun'iy intellekt deganda insonning mantiqiy va ijodiy funksiyalarini bajaruvchi intellektual sun'iy tizim tushuniladi.

Jahon intellektual mulk tashkilotining 2019 yilda e'lon qilingan ma'lumotiga ko‘ra, 1960 yildan 2018 yilga qadar sun'iy intellekt bilan bog‘liq 340 000 ta patent olingan va 1,5 milliondan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan.

2030 yilga kelib sun'iy intellektning global iqtisodiyot YaIMga qariyb 15 trillion dollar kiritishi taxmin etilmoqda.

Top