17:30 / 09.11.2020
4319
«International Experience» XBA mas'ullariga sud hukmi o‘qildi

70 ga yaqin jabrlanuvchiga qariyb 1,5 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan

2020 yil oktabr oyining 5 kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmi bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “v” bandi, 189-moddasi 1-qismi, 19211-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari va 227-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan INTERNATIONAL EXPERIENCE XUSUSIY BANDLIK AGENTLIGI” MChJ direktori O.K. va xalqaro aloqalar bo‘yicha menedjyeri H.K. aybdor deb topilgan.

Sud tomonidan firma rahbari O.K.ga (ayol kishi) 4 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish shartli jazosi tayinlanib, 2 yil sinov muddati belgilangan. Shuningdek, yetkazilgan moddiy zararni 1 yil 6 oy mobaynida to‘liq qoplash majburiyati yuklatilgan.

Firma menedjyeri H.K.ga (ayol kishi) tashkiliy-farmoyish va ma'muriy-xo‘jalik faoliyat yuritish huquqini beruvchi lavozimlarda ishlash huquqidan 3 yil muddatga mahrum qilib, 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Sud hukmi bilan 70 ga yaqin jabrlanuvchiga qariyb 1,5 mlrd so‘m moddiy zararni to‘lash belgilangan. Ayni paytda tergov organining depozit hisob raqamida saqlanayotgan 449 mln so‘m pul yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratiladi.

Ma'lumot uchun, 10 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “INTERNATIONAL EXPERIENCE XUSUSIY BANDLIK AGENTLIGI” MChJ mas'ullariga oid sud hukmi haqida qisqacha ma'lumot berib o‘tilgandi.

Top