13:24 / 14.11.2020
11448
«Qonun qabul qilganimiz bilan ko‘ryapmiz, bu amalda ishlamayapti-ku». Kusherbayev deputatlik so‘rovi javobsiz qolsa, mansabdorga jinoiy javobgarlik belgilash taklifini bildirdi

Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlik so‘roviga vaqtida va belgilangan talablar asosida javob bermagan mansabdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish taklifi ilgari surildi. Bu haqda O'zLiDeP xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, yig‘ilishda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi dastlabki o‘qishda ko‘rib chiqilgan. Unda deputatlarning ish faoliyatini yanada yengillashtirish va mansabdor shaxslarning xalq vakillari so‘rovlariga nisbatan mas'uliyatini oshirish masalalari muhokama qilingan.

Yig‘ilishda deputat Rasul Kusherbayev so‘rovlarga vaqtida javob qaytarmagan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortish jazosini qo‘llash taklifini bildirgan. 

«Qonun qabul qilganimiz bilan ko‘ryapmiz, bu narsalar amalda ishlamayapti-ku! Masalan, 5-6 nafar deputat bosh prokuror nomiga yuborgan so‘rovimizga 3 oydan keyin javob berildi. O‘zimiz yalindik oxiri chiqib: ey, javob beringlar iltimos, deb. 

Yangi normada qo‘shib ketilyapti davlat siriga oid so‘rov bo‘lsa, saytga (OMQP sayti) joylashtirilmaydi, deb. Davlat siriga oid bo‘lsa, biz so‘rovimizga javobni o‘zimiz ola olmayapmiz, hattoki. 3 nafar deputat so‘rov beryapmizda, savolni aniq qo‘yyapmiz «bizlarga javob bering», deb.   

Bu nima uchun kerak? Baribir amalda ishlata olmaymiz-ku! Yaxshisi birinchi amalda ishlaydigan, javobgarlikni aniq, qat'iyligi va qonunni bajarish talabi nuqtayi nazaridan bajarishga majbur qiladigan talablarni qo‘yaylik. Mening taklifim, javobgarlik masalasini ham olib kirsak, kerak bo‘lsa deputatlik so‘roviga javob bermaganligi uchun javobgarlikni jinoyat kodeksiga kiritaylik. Jinoiy javobgarlik masalasini qo‘yaylik. Qolgan sohalarda bor-ku, murojaatlar tartibini buzadigan bo‘lsa, shunaqa choralar ko‘riladi. Buni ham kiritaylik», degan Kusherbayev.

Xabar qilinishicha, yig‘ilishda deputat Qodir Jo‘rayev deputatlik so‘rovi va uning javobini Qonunchilik palatasi rasmiy saytida e'lon qilib borish taklifini bergan.

«Deputat so‘rovi va unga kelgan javobni Oliy Majlis qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida joylashtirilishi to‘g‘risida norma taklif qilinyapti. Ya'ni deputat so‘rovi yuborilganining ertasi kuni, kelgan javob esa qabul qilingan kundan boshlab veb-saytga rasman joylashtirilishi belgilab qo‘yilyapti. Bu bo‘yicha juda ko‘p e'tirozlar bor, lekin bu deputatlik so‘rovlariga nisbatan talabchanlik oshishiga xizmat qiladi. 

Ba'zida mansabdor shaxslar mensimasdan noto‘g‘ri yoki qoniqarsiz javob qaytarishadi. Shunday holatlarda deputat tashabbusi bilan tegishli mansabdor shaxs fraksiya, qo‘mita yig‘ilishlariga taklif etilishi mumkinligi to‘g‘risidagi norma ham qonun loyihasida taklif qilinmoqda» degan Qodir Jo‘rayev.

Ma'lum qilinishicha, O'zLiDeP fraksiyasi vakillari joriy yilning shu vaqtiga qadar turli vazirlik va davlat idoralariga 128ta deputatlik so‘rovi yuborgan. Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Markaziy bank, Xorazm viloyat va Bo‘ka tuman prokuraturalari hamda «O‘zavtoyo‘l»ga yuborilgan jami 10ta deputatlik so‘roviga hanuzgacha javob berilmagan. Shuningdek, aholi murojaatlaridan kelib chiqib vazirliklar va davlat idoralariga yuborilayotgan deputatlik so‘rovlariga qoniqarsiz, «otpiska» tarzidagi javoblar yuborilishi ko‘plab uchrayotgani aytiladi.

Top