16:51 / 18.11.2020
2093
2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti real o‘sishi 5,1 foiz bo‘lishi kutilmoqda - Hisob palatasi

O‘zbekiston Respublikasining «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi va budjetnoma Hisob palatasiga belgilangan (20 sentabr) muddatdan 38 kun kechiktirib (28 oktabr kuni) kiritilgan.

Foto: Shutterstock

Hisob palatasi tomonidan «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi va 2021 yil uchun budjetnoma bo‘yicha xulosasi e'lon qilindi. Unga ko‘ra, ushbu hujjatlar palataga belgilangan muddatdan kechiktirib kiritilgandi.

Budjetnomaga muvofiq, 2021 yildagi yalpi ichki mahsulot hajmi 688 trillion 936,1 mlrd so‘mni yoki 63,2 mlrd dollarni, uning aholi jon boshiga miqdori 19,7 mln so‘mni yoki 1,8 ming dollarni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

«2021 yilda real o‘sish sur'ati 5,1 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulot hajmining tarkibi ko‘rib chiqilganda, tarmoqlar bo‘yicha jami qo‘shilgan qiymat miqdori 627 trillion 257,9 mlrd so‘mni (yalpi ichki mahsulotning 91,0 foizi) hamda mahsulotlar va eksport-import operatsiyalari hisobidan olingan sof soliqlar tushumi 61 trillion 678,1 mlrd so‘mni (9,0 foiz) tashkil etmoqda», — deyiladi Hisob palatasi hisobotida.

Ma'lum qilinishicha, tarmoqlar kesimida qo‘shilgan qiymatning eng katta ulushi (32,3 foiz) xizmatlarga, bundan tashqari sanoat (25,6 foiz), qurilish (6,5 foiz) va qishloq, o‘rmon hamda baliq xo‘jaligi bo‘yicha (26,6 foiz) to‘g‘ri kelgan.

Top