14:20 / 18.11.2020
11088
«Buni bir ko‘rib chiqishimiz kerak» - Toshkent shahar hokimi volontyorlar faoliyatiga shubha bildirdi

Jahongir Ortiqxo‘jayevning fikricha, Toshkentda volontyorlar «haddan tashqari ko‘payib ketyapti». Poytaxt hokimi oxirgi paytlarda volontyorlar faoliyatiga shubha bilan qarayotganini aytib, bu masalani ko‘rib chiqish kerakligini ta'kidladi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 17 noyabr kuni Yoshlar ijod saroyida yoshlar bilan uchrashdi. Bu haqda poytaxt hokimligi videoxabar bergan.

Uchrashuvda yoshlardan biri Volontyorlar assotsiatsiyasi yoki federatsiyasi ochilsa, O‘zbekistondagi barcha volontyorlarning bir joyda jamlanib ishlashiga imkoniyat yaratilishi haqida fikr bildirgan. Bunga javoban hokim volontyorlik xizmatlariga shubha bilan qarashini ta'kidlab o‘tgan.

«Tovar, pul olish, Payme'dan pul o‘tkazib berish, kimningdir nimasiga olib borib berish... Haddan tashqari ko‘payib ketyapti volontyorlar. Bitta narsani to‘g‘ri tushuninglar, sal shubhaga boryapman-da oxirgi paytda.

Bu volontyorlik kasbmi, yo haqiqatda yordam berishmi, yo bundan daromad olishmi, shuning farqiga borolmayapman. Tushuntira oldimmi? O‘zi volontyor tushunchasi nima degani? Ko‘ngilli ishchi. Lekin men biror volontyor uyda yotgan qariyaning oyog‘iga tog‘ora tutib, sovunlab yuvib qo‘yganini ko‘rmadim. Uyda yotgan ayollarning sochini tarab qo‘ying, sochini yuvib qo‘ying, deyish mumkin ayol-qiz volontyorlarga. Hech shuni ko‘rganim yo‘q-da.

Hammasi sumka-sumka narsa olib borib tashlash bilan ovora. Buni bir ko‘rib chiqishimiz kerak. Volontyorlik xizmatlari bo‘yicha ham o‘zi bir ko‘rib chiqib, chuqur o‘ylashimiz kerak. Bu yengil o‘ylab o‘tiradigan narsa emas», – degan Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Qayd etish joiz, pandemiya O‘zbekistondagi volontyorlik rivojiga turtki bo‘lib, sohani qo‘llab-quvvatlash zarurati borligini ko‘rsatib bergandi.

Karantin davrida ko‘plab jamoatchilik faollari ehtiyojmand oilalarga beg‘araz ko‘mak ko‘rsatgani, xayriya qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar va muhtoj insonlar o‘rtasida bog‘lovchi ko‘prik bo‘lgani diqqatga sazovor.

Ijtimoiy tarmoqlarda yoyilgan xayriya aksiyalari bilan birga, rasman tashkil etilgan Yagona muvofiqlashtiruvchi markaz, «Xavfsiz yordam» aksiyasi, «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati, «Sardoba sari saxovat karvoni» kabi xayriya aksiyalarini amalga oshirishda ham volontyorlar guruhlari markaziy o‘rin tutdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bahor oylarida ko‘ngilli bo‘lib volontyorlik harakatida qatnashayotgan fidoyi yoshlarga minnatdorchilik bildirgan edi.

Avgust oyida bir guruh tashabbuskor va faol fuqarolar prezident farmoni asosida «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni, ikki fuqaro esa «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlandi.

Toshkent shahar hokimining volontyorlar faoliyatini taftish qilish kerakligini aytishi ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov Toshkentda volontyorlardan boshqa o‘rganish kerak bo‘lgan masalalar ko‘pligini aytdi.

«Tegilmagan shu volontyorlar qolgandi. Bu yoshlarga motivatsiya emas, qo‘liga bir uradigan tadbir bo‘libdi. Vaholanki, pandemiya davrida barcha yoshlar birlashdi, Toshkent shahrini hokimiyat eplolmay qolganida, aynan shu volontyorlar hayotini xavf ostiga qo‘yib, odamlar dardiga malham bo‘ldi. O‘sha paytda yordamga muhtoj bo‘lib, uyda yotgan ayrim qariyalarga oyog‘ini tog‘oraga suv solib, sovun bilan yuvish emas, balki sumkada tashilgan yeguliklar kerak edi. Endi ularni o‘rganish kerakmish. Ular daromad olyaptimi yoki ko‘ngilli yordamchilarmi, shuni o‘rganish kerakmish. O‘rganish emas, rahmat deyish kerak. O‘rganish kerak bo‘lsa, Toshkentda masala ko‘p», – deya yozdi Allamjonov.

Uning fikrlarini qo‘llab-quvvatlagan iqtisodchi Otabek Bakirov ko‘ngillilarni emas, balki manfaatlar to‘qnashuvi kuzatilayotgan holatlarni tekshirish kerakligiga urg‘u berdi.

«Agar tekshirish va o‘rganish lozim bo‘lsa, qayerda davlatniki, qayerda tadbirkorniki ajratib bo‘lmay qolgan, qabul qilinayotgan qarorlarda manfaatlar to‘qnashuvi yo‘q nuqtaning o‘zi qolmagan, hokimlikning vakolatlari affillangan biznes manfaatlar yo‘lida realizatsiya qilinayotgan hokimning faoliyati tekshirilishi lozim», – deydi Otabek Bakirov.

Jurnalist Xurshid Daliyev mavzuga munosabat bildirib, Jahongir Ortiqxo‘jayevning biznes imperiyasini o‘rganishga chaqirdi.

«Qariyalarning oyog‘ini yuvadigan volontyor kameraga tushmasdan qilgan shu ishni. Sochini tarab qo‘yish tugul o‘ligini ko‘mgan volontyorlarni taniyman.

Toshkent shahar hokimi volontyorlarni o‘rganish kerak degan fikrni ilgari surgani oshib tushibdi.

Kelinglar, Jahongir Ortiqxo‘jayevni hokimlik faoliyatini, biznes imperiyasini o‘rganaylik.

Hokimning ko‘nglida volontyorlar faoliyatiga shubha bo‘lganidek, bizda ham ularning faoliyatiga shubha bor», – deya yozgan Xurshid Daliyev.

O‘tgan yili qabul qilingan «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, volontyorlik faoliyati – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bepul asosda amalga oshiriladigan, erkin xohish-irodaga ko‘ra bajariladigan, ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan, jamoat uchun foydali ixtiyoriy faoliyatdir.

Top