21:54 / 22.11.2020
27071
Foto: Andijonda maktab o‘quvchilari sovuq havoda ustki kiyimsiz bayroq hilpiratishga olib chiqildi

Ijtimoiy tarmoqlarda, havo sovuqligiga qaramay, qalin ustki kiyimsiz ochiq joyda saflantirib qo‘yilgan maktab o‘quvchilari surati tarqaldi.

Foto: t.me/nozimsafari

Suratlarda bolalar qo‘liga bayroqlar tutqazib qo‘yilgani, ular ikki tomondan saf tortib hosil qilgan yo‘lakdan bir erkak va ayol muassasaga kirib kelayotganini ko‘rish mumkin. Suratlarda bolalardan tashqari ko‘ringan odamlarning barchasi – kurtka va paltoda.

Bloger Otabek Artikovning yozishicha, surat 18 noyabr kuni Andijon shahridagi 43-maktabda olingani aytilmoqda. Bloger Nozim Safarovga ko‘ra, bu holat targ‘ibot tadbiri vaqtida kuzatilgan.

Andijon viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi ishchi guruh tuzgan holda holat o‘rganilayotganini xabar qildi.

Foto: t.me/Otabek

Otabek Artikov suratni e'lon qilgach, ertasiga unga 43-maktab vakillari bog‘lanishganini ma'lum qildi. U taqdim etgan Telegram'dagi yozishma skrinshotidan ko‘rinishicha, maktab vakili o‘quvchilar «soatlab sovuqda turmagani», «rasmga tushish uchun 2 minutga chiqishgani», tadbir esa «aslida ichkarida o‘tkazilgani»ni blogerga yozib yuborgan.

Qayd etish joiz, O‘zbekistonda hafta o‘rtasidan buyon izg‘irinli sovuq havo hukm surmoqda. «O‘zgidromet» kelasi haftadan boshlab havo iliy boshlashini prognoz qilgan.

Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash holat yil boshida Farg‘ona viloyati So‘x tumani Cho‘ng‘ara qishlog‘ida ham kuzatilgandi. Viloyatning o‘sha vaqtdagi hokimi Shuhrat G‘aniyevni non ko‘targan holda kutib olish uchun chiqarilgan o‘quvchi qiz yanvar oyi bo‘lishiga qaramay qalin ustki kiyimsiz, milliy libosda bo‘lgani tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.

Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati qizcha «atigi 1–2 daqiqaga» hovliga chiqqanini aytgan.

Top