19:50 / 23.11.2020
5943
IIV huzuridagi Tergov departamenti «International Job Organization» XBAga oid jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi
Foto: International Job Organization

«International Job Organization» xususiy bandlik agentligining mansabdor shaxslariga oid jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakuniga yetib, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudiga oshirilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Unda JIB Shayxontohur tuman sudi vakiliga asoslanib, jinoyat ishi bo‘yicha 2620 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb topilgani va ularga yetkazilgan jami zarar miqdori 18 mlrd 484 mln so‘mni tashkil qilgani, shuningdek, dastlabki tergov davrida yetkazilgan zararning bor-yo‘g‘i 591 mln so‘mi qoplangani ma'lum qilingan edi.

Biroq O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining ma'lum qilishicha, JIB Shayxontohur tuman sudiga yuborilgan jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan umumiy zararning 6 mlrd 783 mln so‘mi undirilishi ta'minlangan bo‘lib, shundan 722 mln so‘m naqd pul mablag‘lari, 6 mlrd so‘mi esa xatlangan mol-mulklarni tashkil etadi.

Shuningdek, «International Job Organization» xususiy bandlik agentligining mansabdor shaxslari tomonidan bir qator xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar orqali pul mablag‘larni o‘zlashtirganlik holatiga oid qismi hozirda alohida ish yurituviga ajratilgan bo‘lib, mazkur jinoyat ishi doirasida 10 mlrd 507 mln so‘mlik zarar qismi qoplanishi ta'minlangan, shundan 411 mln so‘m naqd pul va 10 mlrd 96 mln so‘mi xatlangan mol-mulklarni tashkil qiladi.

Tergov departamentining qo‘shimcha qilishicha, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha ham qisqa muddatlarda tergovni tamomlash va sudga yuborish choralari ko‘riladi.

Top