09:30 / 28.11.2020
11244

13 ta xususiy bandlik agentligi hammasi bo‘lib nechta odamni aldagani ma'lum qilindi

Bugungi kunda 13 ta xususiy bandlik agentligining 51 nafar rahbar va mas'ul xodimlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Mazkur XBAlari tomonidan jami 9338 nafar fuqarodan 79,1 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olingan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu haqda 27 noyabr kungi matbuot anjumanida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov ma'lumot bergan.

«O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 104 ta yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shuning 75 tasiga vazirlik tomonidan litsenziya berilgan.

Keyinchalik 75 ta litsenziyaga ega xususiy agentliklarning 53 tasining litsenziyasi bekor qilingan va shundan 11 tasiga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Qolgan 20 tasi hozirgi kunda faoliyat olib boryapti», – dedi agentlik boshlig‘i.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yilda 64 ta xususiy bandlik agentligiga litsenziya berilgan, 12 tasining litsenziyasi tugatilgan va 9 tasiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning o‘tgan davri mobaynida esa XBAlarning 6 tasiga litsenziya berilgan va 43 tasining litsenziyasi to‘xtatilgan. Ularning 2 tasiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Top