O‘zbekiston | 20:06 / 27.11.2020
8430
2 daqiqa o‘qiladi

Migratsiya agentligi XBAlar bilan shartnoma tuzgan fuqarolarga murojaat bilan chiqdi

Xususiy bandlik agentliklari shartnomaviy majburiyatlarini bajarmayotgan bo‘lsa yoki mijozdan pul talab qilayotgan bo‘lsa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qilish so‘raldi.

«Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Shu sababli bir qator XBAlar litsenziyalovchi organga litsenziyasini bekor qilish uchun ariza bilan murojaat qilgan.

Shu munosabat bilan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Kamola Shukurova XBAlar mijozlariga murojaat qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Agar xususiy bandlik agentliklari shartnomaviy majburiyatlarini bajarmayotgan bo‘lsa yoki sizdan pul talab qilayotgan bo‘lsa, iltimos, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qiling.

Chunki litsenziyasi tugatilganidan so‘ng xususiy bandlik agentliklarida puli qolib ketgan fuqarolarga yordam berish imkoniyatimiz ancha kamayib qoladi. Agar hozirgi holatda zudlik bilan bizga murojaat qiladigan bo‘lsangiz, sizlarga zaxiralangan summalardan belgilangan tartibda sud orqali mablag‘laringizni qaytarish imkoniyatimiz mavjud», – dedi Shukurova 27 noyabrdagi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun ulardan haq undirish taqiqlanmoqda. Bu xizmat uchun haqni XBAlarga ish beruvchilar to‘lashi lozim bo‘ladi.

Mazkur yangilik shu yil avgustda yangi tahrirda qabul qilingan «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan. O‘zgarishlar 21 yanvardan kuchga kiradi.

Qonunga ko‘ra, XBAlar ishga joylashtirish sohasida taqdim etadigan axborot va maslahat xizmatlarining qiymati BHMning bir baravari (223 ming so‘m)dan oshmasligi kerak.

Endilikda, XBAlar fuqarolarni xorijga ishga yuborish bo‘yicha litsenziya olish uchun BHMning 8,5 ming baravariga teng zaxira mablag‘ini shakllantirishi lozim. Ya'ni bu miqdor 50 ming dollardan 185 ming dollargacha oshirilmoqda.

Mavzuga oid