14:20 / 03.12.2020
18731

Qurilish vaziri o‘rinbosari Jarqo‘rg‘on tumani hokimi etib tasdiqlandi

Bugun xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi. 

Sessiyada 2017 yildan buyon Jarqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Ziyodulla Davlatov Sherobod tumani hokimi etib tayinlanganligi ma'lum qilindi.

Jarqo‘rg‘on tumaniga esa 2018 yildan beri O‘zbekiston qurilish vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Bahodir O‘roqov hokim etib tasdiqlandi.

B. O‘roqov 1979 yilning 17 fevralida Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1999 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari oliygohi, 2008 yilda Toshkent moliya instituti, 2016 yilda Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

2003-2005 yillarda Surxondaryo viloyati moliya boshqarmasi yetakchi iqtisodchisi, 2005-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligi investitsiyalar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, 2017-2018 yillarda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Bundan oldin, Sherobod tumaniga yangi hokim tayinlangani xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top