01:28 / 11.12.2020
9828
«Sinovda oila a'zolarim ham qatnashyapti» - vazir vaksina masalasida aholini xotirjamlikka chaqirdi

Ibrohim Abdurahmonov bir necha ko‘ngillilar, shu jumladan o‘z oila a'zolari ham ikki hafta oldin Xitoy rekombinant vaksinasini olgani, 14 kundan beri birorta nojo‘ya ta'siri kuzatilmaganini ma'lum qildi. «Shuning uchun ham mana bugun, sinovlarga start berilganida bizda hadik yo‘q», – dedi u.

Koronavirusga qarshi Xitoy Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan vaksinaning 3-bosqich sinovlari O‘zbekistonda ham start oldi. Jami 5 ming nafar ko‘ngilli tanlab olingan.

10 dekabr kuni shu munosabat bilan rasmiylar ishtirokida tadbir tashkil etildi. Tadbir yakunida innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov jurnalistlarga intervyu berdi.

Nima uchun aynan shu rekombinant vaksina tanlandi?

— Dunyoda hozir [COVID-19'ga qarshi ] 150dan ortiq vaksinalar mavjud bo‘lsa, shundan 13 tasi klinik sinovlarning 3-fazasiga yetib keldi. Ular orasidan bu vaksinaning bizga ma'qul kelgan taraflari shundaki, avvalo virusning kichkina bir bo‘lagiga asoslangani, odam organizmiga virusning umuman boshqa bir qismlari kiritilmasligi va vaksina qilinganidan keyin kasallik chaqirmasligidir.

Buning xavfsizligi jihatidan bizda shunday ishonch hosil bo‘ldiki, o‘ldirilgan yoki genlarga, RNKga asoslangan boshqa vaksinalardan xavfsizlik darajasi yuqoriligi bizning e'tiborimizni tortdi.

Ikkinchisi, bu vaksinaning qo‘llanishi oson. 4 gradus temperaturada transportirovka qilish va saqlash judayam oson. Ayrim vaksinalar hatto minus 70 gradus temperatura talab qiladi.

«Bu – ilmiy tadqiqot. Tartibga amal qilishimiz lozim»

— Eng muhim jihatlardan biri – vaksinatsiyaning sinov jarayonlarini to‘liq xitoylik hamkorlarimiz bilan birgalikda o‘tkazamiz. Ochig‘ini tan olib aytamiz, bu jarayonlarni ham dunyo standartlari darajasida o‘tkazishni o‘rganishimiz kerak.

Ko‘ngillilarni jalb qilishda tartibga rioya qilish lozim. Sababi bu – ilmiy tadqiqot. Buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Masalan, sinovlarda qatnashgan odamlar tekshiruvga kelmay qolib, samaradorlikni o‘lchash ishlari cho‘zilib ketishi kabi holatlar bo‘lmasligi kerak.

Bir oy davomida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda vaksinatsiya jarayonini amalga oshiramiz. Bu bo‘yicha shifokorlarimizga treninglar o‘tkazdik.

Ibrohim Abdurahmonov

«Sinovda o‘z oila a'zolarim ham qatnashmoqda»

— Biolog va genlar injyenerligi bilan uzoq yillar shug‘ullangan olim sifatida ayta olamanki, ushbu vaksinaning xavfsizligiga ishonch hosil qilgachgina, birinchi va ikkinchi sinovlaridan yaxshi o‘tganidan keyin, qo‘shimcha effektlari bo‘ldimi-yo‘qmi, hammasini o‘rgangandan keyin O‘zbekistonga olib kelish choralariga va sinovlariga rozilik bildirdik.

Va buni sizlarga ishonch bilan aytishim mumkinki, birinchidan, o‘zimning oilamda, ko‘ngillilarda 14 kun oldin bu vaksinaning sinovini o‘tkazdik. 14 kundan beri birorta nojo‘ya ta'sirlar kuzatilgani yo‘q.

Shuning uchun ham mana bugun, sinovlarga start berilganida bizda hadik yo‘q. Xalqimizdan sinovini o‘tkazib, bir tajribaga aylantirilyapti, degan fikrlardan yiroq bo‘lishlarini so‘rardim.

«90 foizdan yuqori odamlarda antitela hosil bo‘lishi kutilmoqda»

— Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyati birinchilardan bo‘lib o‘zimizning oilamizdagi ko‘ngillilarda emlashni amalga oshirdik. Hozirda antitelalar hosil bo‘lish jarayoni kuzatuvda. Bu birinchi doza vaksina emlashlari bo‘lib, bir oy mobaynida antitela hosil bo‘lishi kutilyapti. Ikkinchi dozadan keyin 90 foizdan yuqori, 93 foizgacha odamlarda antitela hosil bo‘lishi taxmin qilinyapti.

Vaksinani ko‘ngillilarda, o‘zlari murojaat qilgan tashkilotlarning xodimlarida amalga oshiramiz. Emlangandan so‘ng 35 minut davomida kuzatuv olib borilishi kerak. Keyin esa 24 soat davomida muloqotda bo‘lib turish lozim.

Jarayon 1 yil davom etadi. Shu vaqt mobaynida emlanganlar 8 marta tibbiy ko‘rikka chaqirilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top