17:07 / 14.12.2020
34320
«Bu – biz uchun bir sinov» - qariyalar uyiga safar

«Bu yerga kelganimda aka-ukalarim yo‘q, deb yolg‘on gapirganman. Lekin yashirmayman, aka-ukam bor, ular hayot, o‘zlariga to‘q. Mehr-oqibatimiz yo‘qolgan...»

Tig‘iz zamonda yashayapmiz. Har doim nimagadir shoshilamiz, rejalashtirgan ishlarimizni tezroq qilishga harakat qilamiz. Bir vaqtning o‘zida ko‘p yumushlarni bajarishni istaymiz. XXI asr insonga juda ko‘p yengilliklarni hadya etgan bo‘lsa-da, oramizdan mehr-oqibatni olib ketgandek.

Bugun mehr-e'tibor tanqislashib borayotgandek nazarimizda. Yaqinlarimizni, hatto ota-onamizni yo‘qlash, qo‘ng‘iroq qilib hol-ahvol so‘rashga-da vaqt topolmay qolamiz ba'zida.

Shu mulohazalar bilan, kuni kecha Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi «Saxovat» keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uyi – xalq tilida qariyalar uyida bo‘lib, u yerdagi turfa taqdir egalari bilan suhbatlashdik.

«O‘g‘lim va kelinimga og‘irligim tushmasin deyman»

Erkin Xolmatov, 66 yosh:

— Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidanman. Kasbim traktorchi, keyin haydovchilik qildim. Peshonamga yozilgan ekan, yurolmay qoldim.

Farzandlarni birlashtirib, inoq yashashini ta'minlab turishda ota-onaning o‘rni katta ekan. Ota-onam vafot etishganidan keyin aka-ukalarimiz o‘rtasida munosabatlar sovishni boshladi. Ayolim tirikligida birmuncha yaxshi edi. Kampirim tirik bo‘lganida bu yerga kelmasmidim...

Bu yerga kelganimda aka-ukalarim yo‘q, deb yolg‘on gapirganman. Lekin yashirmayman, aka-ukam bor, ular hayot, o‘zlariga to‘q. Mehr-oqibatimiz yo‘qolgan...

Sabab? Nogironligim bo‘lsa kerak. Qo‘lingizdan ish kelsa, sizni qadrlasharkan, bo‘lmasa, hech kimga keragingiz bo‘lmay qolarkan. Bandasini nogiron qilmasin ekan. Bu biz uchun bir sinov.

Ikki qiz, bir o‘g‘lim bor. O‘g‘lim Qozog‘istonda ishlab kelaman, deb o‘sha yerda qolib ketdi. 6 farzandi, ayoli bilan o‘sha yerda uy-joy qilib yashayapti. O‘g‘lim ishlari yurishib ketgandan keyin meni ham olib ketdi. Birga yashadik. Lekin u yerda yashashga juda qiynaldim. Hamma sharoit bor. Ammo... birovning qosh-qovog‘iga qarash, to‘g‘ri muomala qilish nihoyatda og‘ir ekan. Deyarli ko‘chaga chiqarishmasdi; ba'zida o‘g‘lim ko‘cha boshiga aylantirib kelardi.

Ularga og‘irligim tushayotganini bilib ketmoqchi bo‘ldim. Uydan qochib ketishga qaror qildim. O‘g‘lim ishdaligida ketay, desam, kelinim qayoqqa ketayotganimni so‘radi. Unga tushuntirib, o‘z hayotim bilan yashashimni aytdim. Ruxsat berishmadi.

Bu orada qizim vafot etib qoldi. Shundan keyin O‘zbekistonga qaytaman, deb turib oldim. Qizimning ma'rakalari o‘tgandan keyin boradigan joyim yo‘q edi. Turli joylarda yashab yuraverdim: Pskentda bir odamning dala hovlisida, ko‘chada qulay joyda, sement zavodining qorovulxonasida yashadim. Keyin bu ahvolimni ko‘rgan bir mahalla raisi qariyalar uyi borligi haqida aytdi. So‘ng hujjatlarimni to‘g‘irlab bu yerga keldim. Kelganimga bir yarim yil bo‘lyapti.

«Orzum – bolaligim o‘tgan uyni ko‘rish...»

Sanobar Karimova, 52 yosh:

— Toshkent shahridanman. 14 yoshimda ota-onam avtohalokatda vafot etishgan. Yagona farzand edim. Onamning yaqin dugonasi meni qaramog‘iga oldi. U ko‘p zug‘um o‘tkazardi. 23 yoshimda so‘rab-surishtirmasdan bir odamga turmushga berishdi. Endi ro‘shnolik ko‘raman, deb o‘ylagandim. Yo‘q, unday bo‘lmadi. Erim tez-tez ichib kelib urardi.

Erim uy ta'miri bilan shug‘ullanardi; issiqxonada ham ishladik, Qo‘yliqda 12 yil non yopib sotdik. U bilan baravar ishlardim. Tinmasdik. Uyda o‘tirishimga qo‘ymasdi. Mast holda do‘pposlashlari, xiyonatlari, xo‘rlashlarini kechirardim. O‘rtamizda farzand bo‘lmagan. Bola asrab olishga ruxsat bermagan.

Ovsinim bilan qilgan xiyonatini kechirolmadim. Kerakli narsalarimni oldim-da, uydan chiqib ketdim. Bunga ham 9 yil bo‘lyapti. Bu orada turli tanishlarimning uyida yashab yurdim. Bilasizmi, birovning uyida yashasangiz, qosh-qovog‘iga qararkansiz... Nonni ham o‘ylab yerkansiz... Keyin hokimiyatga murojaat qilib, shu yerga kelib qoldim.

Nima meni afsuslantiradi? O‘tgan hayotimdan afsuslanaman. Balki ota-onam tirik bo‘lishganida, taqdirim bunday bo‘lmasmidi?

Orzu? Orzum – bolaligim o‘tgan, ota-onam bilan yashagan uyimizni ko‘rib kelish va necha yoshda bo‘lsam ham, Hajga borib kelish...

Yurishga qiynalaman. Xastalikdan tuzalib ketishni xohlardim. Rasmiy ishda ishlamaganim uchun pensiya olmayapman. Nogironlik nafaqasi esa bu yerda yashayotganim sababli davlat hisobiga o‘tib ketarkan. Qo‘limda ozroq pul bo‘lishi uchun shu yerdagilarga kiyim to‘qib beryapman.

Ota-onasini qariyalar uyiga tashlab qo‘yadigan, qarovsiz qoldiradiganlarga shuni aytardimki, o‘z vaqtida ularning qadriga yetishsin. O‘tib ketganlaridan keyin hech kim sizni ularchalik qadrlamaydi. Ularga nimaiki yaxshilik istasangiz, hayotlik vaqtlarida qiling.

«Farzandlarimni ko‘rishni xohlayman, lekin...»

Husan Mamadaliyev, 61 yosh:

— Bu yerga 2013 yilda kelganman. Sirdaryo viloyati Yangiyer tumanidagi saxovat uyi yopilganidan keyin bizni shu yerga olib kelishdi. U yerga esa 40 yoshdan o‘tib borganman. Bunga avtohalokat tufayli nogiron bo‘lib qolganim sabab bo‘lgan. Invalid bo‘lib qolganimdan keyin ayolimning menga nisbatan munosabati o‘zgardi, shu sabab uyni tark etishga qaror qilgandim.

Bir o‘g‘lim, bir qizim bor. Uydan chiqib ketayotganimda o‘g‘lim hali kichik edi. Qizim turmushga chiqqandi. Hozir bolasi bordir. O‘g‘lim hozir 30 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Balki, u ham oila qurgandir.

Birinchi ayolim, qizim va o‘g‘lim bilan aloqamiz yo‘q. Boshida qariyalar uyiga tushganimdan keyin qizim olib ketaman, dedi. Lekin unga og‘irligim tushishini xohlamadim. Chunki o‘zining oilasi bor. O‘g‘lim esa onasi nima desa shunga quloq soladi.

Qizim shu yerda ekanligimni bilsa kerak, o‘g‘lim ham. Ularni ko‘rishni xohlardim, ammo oilaviy vaziyat bunga yo‘l qo‘ymayapti. Ko‘rishga kelishmasa ham mayli. O‘z oilalarida tinch-totuv yashashsa, menga shu yetadi.

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top