08:01 / 15.12.2020
7407
AQSh Turkiyaga S-400 majmualari uchun sanksiyalar kiritdi
Foto: TASS

AQSh Turkiya Rossiyadan S-400 zenit-raketa majmualarini sotib olgani uchun Turkiya mudofaa sanoati kotibiyati, uning rahbari Ismoil Demir va yana uch mansabdor shaxsiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ma'lum qildi. 

Pompeoning ta'kidlashicha, AQSh Turkiyani S-400 sotib olinishi AQSh harbiylari va texnikasini xavf ostiga qo‘yishi, Rossiya mudofaa sektoriga katta mablag‘lar taqdim qilishi hamda Rossiyaning Turkiya qurolli kuchlari va mudofaa sanoatiga kirishidan bir necha marta ogohlantirgan.

“Turkiya ogohlantirishimizga qaramay, Rossiyadan S-400 majmualarini sotib olishni va ularning sinovlarini o‘tkazishni davom ettirdi. Biz Rossiyaning mudofaa sektori bilan yirik bitimlar tuzilishiga chidab turmaymiz”, deb aytgan Pompeo. 

AQSh davlat kotibining ta'kidlashicha, sanksiyalar Amerika dushmanlariga sanksiyalar vositasida qarshi kurashish qonuni (CAATSA) doirasida kiritilgan va AQShning ushbu qonunga muvofiq harakatlanishga hamda uni shunga o‘xshash vaziyatlarda qo‘llashga tayyorligini ko‘rsatadi. 

Sanksiyalar Turkiya mudofaa sanoati kotibiyatiga litsenziyalar va eksportga ruxsat berishga taqiqlovni hamda Demir va kotibiyatning boshqa amaldorlarining AQShdagi aktivlari muzlatilishini ko‘zda tutadi.

Pompeoning ta'kidlashicha, endi Turkiya AQSh bilan birgalikda S-400 muammosini darhol hal qilishi lozim. 

Turkiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarda sovuqchilik tushishiga sabab bo‘lgan S-400 majmualari Turkiyaga 2019 yil iyuldan boshlab yetkazilgan. Vashington Anqaraga ushbu bitimdan voz kechishni va Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlari sotishni bekor qilish va sanksiyalar kiritish bilan tahdid qilib, S-400 o‘rniga AQShning Patriot majmualarini sotib olishni taklif qilgan. 

Biroq Anqara yon bosishni istamagan va Rossiya bilan S-400’ning qo‘shimcha partiyalarini sotib olish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirgan.

Top