11:04 / 15.12.2020
2470
Rossiyalik hakerlar AQSh Moliya departamentiga kiberhujum qilishda gumonlanmoqda

Hakerlar AQShning boshqa xizmatlari resurslarini ham ayni yo‘l bilan buzishgan.

Foto: REUTERS/Kacper Pempel/Illustration

Reuters agentligi o‘z manbalariga asoslangan holda xabar berishicha, rossiyalik deb gumon qilinayotgan hakerlar AQSh Moliya va Tijorat departamentlarining ichki elektron pochtalarini kuzatib kelgan. Bundan xabardor insonlar bu aysbergning uchi bo‘lishi mumkinligidan xavfsirashmoqda.

Ish shunchalar jiddiyki, hakerlar Milliy xavfsizlik kengashining Oq uyda bo‘layotgan yig‘inigacha kira olishgan. AQSh rasmiylari davlat idoralaridan biriga hakerlik hujumi bo‘lgani haqidagi bayonotdan nari o‘tmagan. Lekin Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizlik agentligi va FQBga tekshiruv o‘tkazish buyurilgan.

«Biz bu ishga aloqador barcha qadamlarni aniqlashtirish va vaziyatni o‘nglash uchun zarur choralarni ko‘ryapmiz», degan Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Jon Ullyot.

AQSh hukumati hakerlik xuruji ortida kim turganini hali ommaga e'lon qilmadi, lekin tekshiruvda qatnashayotganlardan birining aytishicha, kiberhujum ortida Rossiya turibdi. Umuman, bu katta kiberhujum kampaniyasining bir qismi deb qaralmoqda. Jumladan, ikki manbaning aytishicha, xurujlar yaqindagina FireEye kompaniyasiga ham uyushtirilgan. Kompaniya hukumat bilan kiberxavfsizlik bo‘yicha yirik tijoriy shartnomalarga ega.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi feysbukdagi sahifasi orqali AQSh ommaviy axborot vositalari AQSh davlat idoralariga uyushtirilgan kiberhujumlarda Rossiya tomonini asossiz ayblashga uringani haqida yozgan.

Top