08:42 / 16.12.2020
1709
Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari faoliyatida o‘zgarishlar kutilyapti

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida qarovsiz qolgan bolalarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi kutilyapti.

Belgilanishicha:

Markazlar faoliyatini muntazam ravishda nazorat qilish va ularga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish hamda voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

voyaga yetmaganlarni Markazlarga qabul qilishni tanlash, qabul qilingan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-pedagogik yordam ko‘rsatish, ularning yoshiga xos bo‘lgan psixofiziologik xususiyatlari, qobiliyatlari, qiziqishlari, ijtimoiy moslashuvi va reabilitatsiyasi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini shakllantirish borasidagi tadbirlar Xalq ta'limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

Markazlarga qabul qilingan voyaga yetmaganlar salomatligini muhofaza qilish borasidagi tadbirlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

Markazlarga qabul qilingan voyaga yetmaganlarning oilalarini o‘rganish, ularning oilasidagi ma'naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish, nizoli holatlar oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va milliy mentalitetga zid bo‘lgan yot xavf-xatarlarga qarshi kurashish maqsadida ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

yoshlar o‘rtasida mehnat huquqlari va muhofazasi masalalari bo‘yicha keng axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish, mehnat bozorining real talablaridan kelib chiqqan holda yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash choralarini ko‘rish tadbirlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy va tarkibiy tuzilmalari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklari voyaga yetmaganlarni Markazlarga qabul qilish borasidagi ichki ishlar organlari so‘rovnomalarini qisqa muddatda o‘rganib chiqib, tegishli ma'lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etib borilishini ta'minlaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida saqlanayotgan voyaga yetmaganlarni oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, boshqa ashyoviy ta'minot buyumlari va yumshoq jihozlar bilan ta'minlash me'yorlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi.

Ichki ishlar vazirligi Xalq ta'limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Markazlarga qabul qilinayotgan va saqlanayotgan voyaga yetmaganlar to‘g‘risida ma'lumotlar almashishda tezkorlikni oshirish, qog‘oz hujjat aylanishini kamaytirish maqsadida Markazlarga qabul qilingan voyaga yetmaganlar to‘g‘risida ma'lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan idoralararo axborot tizimi yaratilishini ta'minlaydi.

Top