23:03 / 17.12.2020
17050
«Biz ham Faridalarmiz» - kinoshunos Oskar mukofotiga da'vogar o‘zbek filmi haqida

San'atshunoslik fanlari doktori Nigora Karimova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda 17 dekabr kuni Toshkentda premerasi o‘tkazilgan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: O‘zbekkino

Ushbu film O‘zbekiston nomidan Oskar mukofotiga tavsiya etilgan.

«Men kinoshunos sifatida bu filmni yangilangan o‘zbek kinosi deb atayman. Bu nafaqat janr va mavzu, balki kinodagi tafakkur doirasini ham kengaytirdi. Rejissyor tomoshabin tanloviga to‘la erkinlik bera olgan. Badiiy kengashda ko‘rganimizda filmga nisbatan «nima haqda bu, avvalgi zamonni qo‘msashmi», degan ma'noda tanqidlar bo‘lgandi. Yolqin To‘ychiyev bunday savollarga javob berishi kerak emas. Filmda qahramonlar ibtidoiy muhitda yashashadi.

Bu yerda Faridaning ikki ming qo‘shig‘i qayerda, degan savol eng asosiysi. Fikrimcha, Faridaning ikki ming qo‘shig‘i hali oldinda. Ayollarning baxt yo‘lidagi makri, harakati, hayoti qandaydir qo‘shiqlardan iborat bo‘ladi. Biz ham faridalarmiz. O‘sha ikki ming qo‘shiqning davomini aytib kelyapmiz. Hamma o‘zinikini aytadi. Bu filmni bir nechta nufuzli festivallarga jo‘natganmiz.

Filmda XX asr boshidagi ulkan ijtimoiy-siyosiy transformatsiyalar -Buxoro amirligining yemirilishi, sho‘ro mafkurasining kirib kelishi aks etgan. Unda Rossiya imperiyasi vakillarini ham ko‘ramiz.

Bunda geosiyosiy bir makon ham borki, voqealar film chorrahasida yuz beradi. Davrlar o‘zgarganda insonlar ham qandaydir sinovlardan o‘tadi.

“Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” filmi ayol va erkak munosabatlari ustiga qurilgan. Rashk, muhabbat, otash va qolaversa, bir asr ilgari bo‘lgan narsa hozir ham voqeligimizda bor.

Ayniqsa, bosh rol ijrochisi Bahrom Matjonov Buxoroning oxirgi dodhosi obrazini ajoyib tarzda yaratib bergan.

Ijodkorlar totalitar, imperiya, feodal yana boshqa tizimlar o‘rtasida o‘zligini saqlab qolayotgan millatning kayfiyatini to‘la bera olgan. Bu yerda yana bir urg‘u beradigan insonim - operator Bahodir Yo‘ldoshev. U kishi filmning tasviriy qatlamini mahorat bilan yaratib bera olgan», dedi Nigora Karimova.

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan Yolqin To‘ychiyev tomonidan suratga olingan. Kinoasar "Moskva premerasi" festivali gran prisini qo‘lga kiritib, "Oltin globus" mukofotiga da'vogar filmlar ro‘yxatidan joy olgan. 

Top