13:51 / 18.12.2020
3560
Oltin narxi ko‘tarilishi boshqa turdagi mahsulotlar narxi pasayishini qoplashga yordam berishi mumkin - Ishmetov

Moliya vaziri Timur Ishmetov pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotining asta-sekin tiklanishi prognoz qilinayotgani haqida gapirdi.

Foto: RIA Novosti

«2021 yilda Xalqaro moliya institutlarining hisob-kitoblari va prognozlariga ko‘ra, pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyoti asta-sekin tiklanishi prognoz qilinmoqda.

Xalqaro valuta jamg‘armasining oktabr oyidagi prognozlariga ko‘ra, 2021 yilda jahon iqtisodiyoti tiklanishi natijasida 5,2 foizga o‘sishi, xususan, rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti 3,9 foizga, Rossiya iqtisodiyoti 2,8 foizga, Qozog‘iston iqtisodiyoti 3 foizga, Turkiya 5 foizga, Xitoy iqtisodiyoti 8,2 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Umuman olganda, prognozlar juda noaniq va yuqori darajada epidemiologik vaziyatning rivojlanishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Pandemiya sababli neft narxlari pasayishi energiya mahsulotlarini eksport qiluvchi davlatlarga salbiy ta'sir etishi kutilmoqda, biroq O‘zbekiston uchun oltin narxining ko‘tarilishi boshqa turdagi mahsulotlar narxining pasayishini qoplashga yordam berishi mumkin», dedi Timur Ishmetov Senatning o‘ninchi yalpi majlisida.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari bir qator makro-fiskal xatarlar bilan bog‘liq.

  • Jahon bozori kon'yunkturasi o‘zgarishi (O‘zbekistonning asosiy eksport tovarlari - oltin, gaz, mis, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqalarga bo‘lgan talabning o‘zgarishi);
  • asosiy savdo hamkor davlatlar (Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Xitoy) milliy valutalari kursi, jahon bozorida neft narxi o‘zgarishi;
  • asosiy tashqi savdo hamkorlardagi iqtisodiy faollikning pasayishi hamda tiklanishlarning davomiyligi;
  • pandemiya va zaruriy taqiq choralarining davomiyligi;
  • pandemiya ta'sirida ishlab chiqarish zanjiri o‘z holatiga qaytishining davomiyligi;
  • xarajatlar va tovarlarga talabning zaiflashishi va o‘z navbatida ushbu omillarning ishlab chiqarish va bandlikka ta'siri;
  • pandemiya ta'sirida faoliyati to‘xtab qolgan korxonalar ishchilarining turli sektorlarda bandlikni ta'minlash imkoniyatlari, shuningdek, mehnat bozoridagi bosim;
  • tashqi talab zaiflashgan hamda moliyaviy tanqislikdan kelib chiqadigan ikkilamchi chegaralararo ta'sirlar ko‘lami (masalan, daromadlarning keskin tushishi sababli qo‘shni mamlakatlararo savdo hajmlari kamayishi);
  • global ta'minot zanjirini qayta tuzish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgarishlar va bularning samaradorlikka salbiy ta'sir ko‘lami (ya'ni logistika zanjiridagi uzilishlar, transchegaraviy talablarning kuchayishi, sanitariya-epidemiologiya talablari kuchayishi, qo‘shimcha kutilmagan xarajatlar va logistika tizimidagi boshqa salbiy bosimlar);
  • xufiyona iqtisodiyot ulushi oshishi;
  • davlat ulushi mavjud korxonalarda transformatsiya jarayonlarining davomiyligi va boshqalar.

Vazir ushbu xatarlardan kelib chiqib, 2021 yilda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi haqida ham ma'lumot berdi.

«2021 yilda respublikamiz iqtisodiyoti milliy prognozlarga ko‘ra 5,1 foizga o‘sishi kutilmoqda, bunda sanoat 5,8 foizga, qurilish 6,5 foizga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari 2,7 foizga hamda xizmatlar 6,4 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Ushbu prognozlar bajarilishi pandemiya sharoiti hamda Covid-19’ga qarshi vaksinaning ommaviy emlash jarayonlari davomiyligi, global iqtisodiyotdagi tiklanish jarayonlarining jadalligi bo‘yicha noaniqliklar bilan bog‘liqdir.

Davlat budjeti loyihasi ushbu makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar parametrlari asosida ishlab chiqildi», dedi Ishmetov.

Vazir prezident boshchiligida joriy yilning 19 oktyabrida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar va maqsadli ko‘rsatkichlar haqida ham gapirdi.

«2021-2023 yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va 2021 yil budjet loyihasi joriy yilning 19 oktyabrida muhtaram prezidentimiz boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilindi hamda kelgusi yilda vazirlik va idoralarning oldida turgan ustuvor yo‘nalishlar va maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab berildi.

Jumladan:

  • 2020 - 2021 yillarda tashqi talabning qisqarishi va global iqtisodiy faollikning sekinlashuvi sharoitida iqtisodiyotdagi yalpi talabni rag‘batlantirish, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini, investitsiyaviy jozibadorlikni, ishbilarmonlik faolliyatini, eksportni rag‘batlantirishga qaratilgan soliq - budjet siyosatini davom ettirish;
  • Davlat budjeti barqarorligini ta'minlash va Davlat qarzi miqdorini xalqaro standartlarga muvofiq mo‘'tadil darajada ushlab turish, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini o‘rta muddatda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 foizdan kam darajaga tushirish;
  • Davlat budjeti daromadlari barqaror o‘sishini va soliq solishning adolatlilik tamoyilini ta'minlash va soliq imtiyozlarini tartibga solish;
  • Davlat budjeti ijtimoiy yo‘naltirilganligini saqlab qolish, jumladan, ta'lim, sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan muhim dasturlarni moliyalashtirish, koronavirus pandemiyasi xavfi saqlanib qolayotgan holatda unga qarshi kurashish uchun zarur mablag‘larni shakllantirish;
  • ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar inflatsiya darajasidan past bo‘lmagan miqdorda o‘sishini ta'minlash;
  • aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoyaning manzilliligini kuchaytirish;
  • suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, energiya resurslarini tejash, tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan va boshqa muhim davlat dasturlarini moliyalashtirish;
  • budjet jarayoni ishtirokchilarining mas'uliyatini oshirish yo‘li bilan davlat xarajatlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish;
  • mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini o‘stirishga hamda xarajatlar samaradorligini rag‘batlantirishga qaratilgan budjetlararo munosabatlarni yuritish;
  • budjet shaffofligini oshirish hamda budjet qamrovini to‘liqligini ta'minlash.

Shu o‘rinda bir narsani ta'kidlab o‘tmoqchi edimki, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti topshirig‘iga asosan, 2021 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi hamda mahalliy budjetlar loyihalari Senat a'zolari, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari ishtirokida 2020 yilning 29 oktyabridan 10 noyabriga qadar hududlarda bo‘lgan holda muhokama qilindi», deya Timur Ishmetovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top