16:27 / 25.12.2020
2099
O‘zbekistonda kapital bozor kapitallashuvi YaIMning 1 foiziga teng

Kapital bozori ulushi yalpi ichki mahsulotning 1 foizini tashkil etadi. Ushbu raqamni oshirish uchun islohot va o‘zgarishlarga yo‘l berish lozim, deb hisoblaydi Otabek Nazirov.

O‘zbekiston kapital bozori kapitallashuvi mamlakat YaIMga nisbatan 1 foizni tashkil etadi. Bu haqda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov parlamentda tashkil etilgan seminarda ma'lum qilgan. 

Nazirovning aytishicha, rivojlanayotgan davlatlarda bu ko‘rsatkich 30-60 foiz atrofida bo‘lib, rivojlangan davlatlarda 100 foiz va undan ham ortiqni tashkil etadi.

«Bularning bari bu sohada izchil islohotlar o‘tkazilishini taqozo etadi. 2025 yilga qadar erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar hajmini mamlakat YaIMga nisbatan 10 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan», — deya ma'lumot bergan Nazirov.

Seminarda qudratli moliyaviy tizimni shakllantirish zarurati haqida aytilgan: bunday tizim iqtisodiyotga mablag‘ jalb qilishning asosiy manbai sifatida davlatga bo‘lgan bosimni kamaytirish imkonini beradi.

«Iqtisodiyotning va birinchi navbatda xususiy sektorning barqaror taraqqiyotini ta'minlash uchun mahalliy moliya bozorining yaxlit tizimini shakllantirish lozimligi ta'kidlandi. Iqtisodiy o‘sishni moliyalashtirish uchun kapitalni safarbar qilish va uni samarali taqsimlashga butun moliyaviy bozorni kompleks isloh qilish va o‘zaro muvofiq tarzda rivojlantirish orqaligina erishish mumkinligi ko‘rsatildi», — deyiladi parlament axborot xizmati tarqatgan xabarida.

2019 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining (YaIM) o‘sishi 5,5 foizni tashkil etib, aholi jon boshiga YaIM 1741 dollarga yetgandi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning 1 noyabr holatiga fond birjasining umumiy bozor kapitallashuvi 52,55 trillion so‘m yoki 5 milliard AQSh dollaridan ortiqni tashkil etgan.

Top