18:29 / 03.01.2021
3355
SSV: 500 gramm va undan ortiq vaznli bolalarning yashab qolish foizi so‘nggi yillarda oshmoqda

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova vazirlik matbuot xizmati bilan suhbatda O‘zbekistonda neonatal tibbiyotning rivojlanish bosqichlari haqida gapirib berdi.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) har bir mamlakat uchun shu yo‘nalish bo‘yicha rivojlanganlik darajasini belgilovchi mezonlarni ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, agar bola homiladorlikning 22-haftasida tug‘ilib, vazni 500 gramm va undan ortiq, bo‘yi 25 sm va undan ortiq bo‘lsa, u tirik tug‘ilgan hisoblanadi. Tabiiyki, qator davlatlar bu tavsiyalarni o‘zlaridagi neonatologiya sohasi rivojiga qarab, turli yillarda qabul qilishdi. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, ba'zi mamlakatlarda bu mezonlar 28 haftadan boshlab, bolaning vazni 1000 gramm, bo‘yi 35 sm deb ham belgilangan. 

To‘g‘ri, 22 haftalik homila juda kam vaznli bo‘lish bilan birga funksional o‘ta yetilmagan va yashab qolishi uchun yuqori texnologiya va malakali mutaxassislar parvarishini  taqozo etadi. Shu sabab, O‘zbekistonda bu mezonlarga o‘tish uchun qabul qilingan davlat dasturlarida qator dolzarb vazifalar, aniq chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshirildi. Ushbu guruhdagi bolalarning parvarishi, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yetarlicha jihozlar, munosib muassasalar va malakali mutaxassislar tayyorlash lozim edi. Bu yo‘lda ham mamlakatimizda muhim amaliy ishlar qilindi.

So‘nggi yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligi va BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) hamkorligidagi «O‘zbekistonda onalik va bolalik xizmatini takomillashtirish» loyihasi doirasida mamlakatning barcha tug‘ruq muassasalari tibbiyot xodimlari chaqaloqlar parvarishi asoslari, neonatal jihozlardan samarali foydalanish, chaqaloqlar reanimatsiyasi va boshqa bir qator yangi samarali texnologiyalar bo‘yicha xalqaro ekspertlar va milliy trenerlar tomonidan o‘qitildi. O‘tgan yillar davomida «Salomatlik 1, 2 va 3» loyihalari bo‘yicha barcha tug‘ruq muassasalari eng asosiy parvarish va chaqaloqlar reanimatsiyasi uchun zarur zamonaviy jihozlar bilan ta'minlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan tug‘ilish mezonlari JSST tavsiyalariga ko‘ra, chaqaloq 22 haftadan boshlab tug‘ilib, vazni 500 gramm va undan ortiq bo‘lsa, FHDYo idoralarda qayd etilishi belgilandi.

Rivojlangan davlatlardagi kabi bizda ham o‘ta kam vaznli chaqaloqlarda nafas buzilish sindromi profilaktikasi va davosi uchun eng zamonaviy preparatlar markazlashgan holda xarid qilinib, joylarga yetkazib berildi. Amalga oshirilayotgan ana shunday sa'y-harakatlar sabab bu guruhdagi bolalar orasida yashab qolish foizi keyingi 3 yil davomida 2 barobarga ortdi», degan vazir o‘rinbosari. 

  • Eslatib o‘tamiz, shu yildan boshlab O‘zbekistonda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Bu jarayon bilan 2021 yilda – 11 million, 2022 yilda – 17 million kishi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Qolaversa, ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta'minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi.
Top