21:13 / 14.01.2021
31748
Rahmonbek Usmonov vazir o‘rinbosarligiga tayinlandi

Toshkent shahrining sobiq hokimi, shu vaqtgacha Yunusobod tumaniga rahbarlik qilib kelayotgan Rahmonbek Usmonov  transport vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

«Rahmonbek Jahongirovich Usmonov O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlansin», deyiladi prezidentning 14 yanvar kungi qarorida.

Rahmonbek Usmonov transport vaziri o‘rinbosari lavozimda 5 yanvar kuni ishdan olingan Davron Dehqonov o‘rnida ish boshlaydi.

Ma'lumot uchun, Rahmonbek Usmonov 1960 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1982 yil Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tamomlagan. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

U 2001-2003 yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi o‘rinbosari, 2003-2005 yillarda Yakkasaroy tumani hokimi, 2005-2011 yillarda Toshkent shahri hokimining kapital qurilish, kommunal xo‘jalik, obodonlashtirish, sanoat va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2011 yil fevralidan 2012 yil martiga qadar Toshkent shahri hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lgan. 2012–2018 yillarda esa Toshkent shahri hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2018 yil aprel oyida Toshkent shahri hokimligini tark etib, 2018 yil oktyabriga qadar O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. U 2018 yil oktyabridan buyon Toshkent shahrining Yunusobod tumaniga hokimlik qilib kelayotgandi.

Top