23:11 / 19.01.2021
5509
Eron Tramp va AQShning boshqa bir qator rasmiy shaxslariga qarshi sanksiyalar kiritdi 

Eron hukumati AQSh ma'muriyatining bir qator yuqori lavozimli shaxslari, jumladan prezident Donald Trampni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Said Xatibzoda ma'lum qildi. 

Foto: REUTERS/Kevin Lamarque

“AQShning yuqori lavozimli rasmiy shaxslari, jumladan prezident Donald Tramp, davlat kotibi Maykl Pompeo, sobiq mudofaa vaziri Mark Esper, mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller, moliya vaziri Stiven Mnuchin, MRB rahbari Jina Xaspel, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton, AQShning Eron bo‘yicha sobiq vakili Brayan Xuk, amaldagi vakili Elliot Abrams bugungi kundan Eronning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi”, deb aytilgan xabarda.

Xatibzodaning aytishicha, yuqorida ismi tilga olingan shaxslarga bir qator sabablar, jumladan general Qosim Sulaymoniy va uning safdoshlarining o‘ldirilishini tashkillashtirish, Eronga qarshi terrorchilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, terrorchi guruhlarni moliyalashtirish, qurollantirish va o‘rgatish, eronlik yadrochi olim Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishida Isroilni qo‘llab-quvvatlash va Eronga nisbatan bir tomonlama noqonuniy sanksiyalar kiritilishiga javoban sanksiyalar joriy qilingan.   

E'tiborlisi, sanksiyalar Tramp o‘z lavozimini tark etishiga bir kun qolganda kiritilgan. 

Top