20:55 / 22.01.2021
2720
O‘zbekiston nomzodi Butunjahon turizm tashkiloti Ijroiya kengashiga a'zolikka qo‘yildi

O‘zbekiston delegatsiyasi Butunjahon turizm tashkiloti (BTT) Ijroiya kengashining 113-sessiyasida ishtirok etdi.  

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari – bosh vazir o‘rinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ikki masalani ilgari surdi.

Birinchisi - 2021-2023 yillar davomida O‘zbekiston nomzodini BTT Ijroiya kengashiga a'zolikka qo‘yilgani, shuningdek respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va yaqin kelajakdagi rejalar.

Tashkilot Ijroiya kengashiga a'zo bo‘lish O‘zbekistonning global miqyosda turizm sohasida olib borilayotgan siyosatda bevosita ishtirok etishi hamda unda respublika manfaatlarini himoya qilish yo‘lida xizmat qiladi.

Ikkinchisi - 2023 yilda BTT Bosh Assambleyasi 25-sessiyasini Samarqand shahrida o‘tkazish.

Ushbu taklif qabul qilingan taqdirda, O‘zbekiston birinchi marotaba BMT tarkibidagi tashkilotlarning ilk Bosh assambleyasiga mezbonlik qiladi.

“Bosh Assambleyaga mezbonlik qilish jahon turizm industriyasining yetakchi vakillari, ishbilarmonlar va investorlarni O‘zbekistonga jalb qilish, 158 ta a'zo davlatning 2 mingdan ortiq delegatsiya vakillari tashrifini tashkil etish orqali turizm sohasidan tushadigan daromadni oshirish imkonini beradi”, - deya tashabbusga izoh berdi Aziz Abduhakimov.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Aziz Abduhakimov Ispaniyaga tashrifi doirasida qirol Filipp VI qabulida bo‘lib, u bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

 Xabarda aytilishicha, Ispaniya qiroli pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yumshaganidan so‘ng O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan borish istagi borligini bildirdi.

Top