08:56 / 24.01.2021
40514
«Biz bilan o‘ynamasdilar, chunki qora tanli edik». AQShning yangi vitse-prezidenti – Kamala Harris kim?
Foto: Reuters

Amerikada 4 yillik murakkab davr yakunlandi. Tramp davrida mamlakat urush yoqasiga ham kelib qolgandi (Eron bilan). Avvaliga noodatiy chiqishlari bilan siyosatga «yorib kirgan» Tramp yillar o‘tgan sayin go‘yoki qandaydir kuchlar uchun g‘alati qarorlar chiqara boshlagandek taassurot uyg‘otdi. U Rossiya yordamida hukumat tepasiga kelgani deyarli har kuni eslandi, chiqarayotgan qarorlari «kutilmaganda» nuqul Isroil foydasiga ishlayotgani odamlarni ajablantirdi (u ketishidan bir soat oldin «Isroil bilan yarashib olganining» mukofoti sifatida BAAga ko‘p miqdorda qiruvchi samolyot sotish bo‘yicha qarorga imzo chekkani aytilgandi).

Bayden esa xotirjamlik ramzi o‘laroq prezidentlikka kelib, ko‘plab amerikaliklarni xotirjam qildi. Odatda saylov kampaniyasida prezident bo‘lajak vitse-prezidentni ham tanlaydi va u kim bo‘lishi bevosita saylov natijasiga ham ta'sir qiladi. Bayden ko‘pchilik uchun kutilmaganda bu lavozimga muhojirlar oilasida tug‘ilgan (!), qora tanli (!) va ayol kishini (!) – Kamala Harrisni tanladi.

Tanlov o‘zini oqladi deyish mumkin, chunki Harrisning tarafdorlari ham ko‘pchilik edi va ular saylov natijasiga oz bo‘lsa-da ta'sir qilgani tabiiy. Axir u 40 million odam yashaydigan Kaliforniyadan saylangan senator edi. Xo‘sh, AQShning rasman ikkinchi odami ayol va afroamerikalik bo‘lishiga qaramay qanday qilib bu darajaga erishdi?

«Biz bilan o‘ynashmasdi, chunki qora tanli edik»

Kamala Harris singlisi Mayya bilan

«Qo‘shni bolalar biz bilan o‘ynashmasdi, chunki qora tanli edik. Janob Baydenga murojaat qilmoqchiman: sizni rasist deb o‘ylamayman, lekin karerasini odamlarni ajratish uchun kurash ustiga qurgan senatorlarga iliq munosabatda bo‘lganingizni ko‘rib, dilim og‘ridi. Ular basingga (irqchilikni bartaraf etish uchun bolalarni irqidan qat'i nazar bir avtobusda maktablarga olib borish dasturi) qarshi kurashayotganda, ular bilan birga ishlagansiz. Kaliforniyada bir qizaloq maktablar integratsiya qilingach, mana shunday avtobuslarda maktabga qatnagan. O‘sha qiz menman», degandi Kamala Harris 2019 yil. Harrisning bu gapi zalni junbishga keltirib, uni demokratlar o‘rtasidagi praymeriz yetakchisiga aylantirgan bo‘lsa, Baydenning reytingi tushib ketgandi.

Isyonkor ota-ona farzandi

Kamala Harrisning xarakteridagi isyonkorlik unga ota-onasidan o‘tgan. O‘tgan asrning 60-yillarida Kaliforniyadagi ziyolilar orasida afroamerikaliklarning huquqlarini himoya qilish borasida jonlanish kuzatiladi. AQShning eng yirik shtatida qora tanlilar huquqini himoya qilish, Vetnamdagi urushga qarshi aksiyalar avj oladi. Ular orasida ayniqsa talabalar faol bo‘ladi.

Faollar orasida Kamala Harrisning ota-onasi ham bo‘lgan. Ular Britaniya koloniyalaridagi mamlakatlardan kelgan muhojirlar edi: yamaykalik otasi Donald Harris va hindistonlik onasi Shamala Golapan. Harrisning otasi iqtisodiyot bo‘yicha o‘qigan, onasi esa endokrinologiya sirlarini o‘rgangan.

Kamala Harrisning ota-onasi

Kamalaning ota-onasi ana shunday namoyishlar vaqtida tanishib, turmush qurishadi. 1964 yil oiladagi katta farzand – Kamala tug‘iladi. Bo‘lajak vitse-prezidentning ota-onasi avval Illinoys, keyinchalik Viskonsinga borib, yaxshigina karera qilishadi. Harrisning otasi Stenford universitetidagi iqtisodiyot bo‘yicha ilk qora tanli professor bo‘ladi. Biroq oila ajrashib ketadi. Ona Kamala hamda Mayyani olib Kanadaga ketadi va ko‘krak saratoni kasalligini chuqur o‘rganishga kirishadi.

So‘zida turadigan prokuror

1990 yil yuridik yo‘nalish bo‘yicha o‘qishni tamomlagach, Kamala Oklend prokurorining o‘rinbosari bo‘ladi. 14 yil o‘tib esa San-Fransisko prokurorligiga saylanadi (ha, AQShda hatto prokuror ham saylanadi). Harris saylanishidan avval jinoyatchilar uchun o‘lim jazosi so‘ramaslikka so‘z beradi. Kamala hatto politsiyachini o‘ldirgan jinoyatchiga ham o‘lim jazosi emas, bir umrlik qamoq jazosi so‘raydi. Bu qarori uchun uni senatorlar va mer keskin tanqid qiladi, lekin Harris bergan so‘zida turib, qarorini o‘zgartirmaydi.

Harris San-Fransiskoda jinoyat qilganlar bu ishga qayta qo‘l urishining oldini olish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqadi. Ya'ni qamoqqa olingan yoshlar narkotikka test topshirish, maxsus kurslarda o‘qish va jamoat ishlariga jalb etilishi evaziga muddatining qisqartirilishi bilan mukofotlangan. Bu dasturda qatnashgan 200 kishi orasida retsidiv jinoyatlar odatdagidan 5 baravar kamaygan va natijada dastur butun Kaliforniya bo‘ylab targ‘ib qilingan. Keyinchalik bu dastur butun Amerika bo‘ylab amaliyotga kiritiladi.

Harris prokurorlik vaqtida San-Fransiskoda og‘ir jinoyatlarda ayblanganlarning jazo olish foizi oshadi. U hududida marixuana saqlaganlar uchun qamoq jazosi so‘rashni to‘xtatadi. Bo‘lajak vitse-prezident San-Fransisko prokuraturasida ekologik jinoyatlarni aniqlash bo‘yicha maxsus bo‘linma tuzadi.

Kamalaning Kaliforniya siyosatidagi o‘rni shunchalik katta ediki, uning faolligi ko‘plab qatlamlarga foyda keltirgan. Masalan, Harris Open Justice nomli internet platforma ochilishiga erishadi va unda politsiya tomonidan qo‘lga olish davomida jarohatlangan yoki vafot etgan odamlarning ro‘yxati shakllantiriladi. Shuningdek, Harris noxolis kredit tizimi sabab uy-joyidan ayrilgan odamlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun ajratiladigan subsidiya miqdorini oshirishni talab qiladi. Natijada, hukumat Kaliforniya uchun ajratilgan subsidiya miqdorini 4 milliard dollardan 20 milliard dollargacha oshiradi.

Kamala Harris turmush o‘rtog‘i Dag Emhoff bilan

San-Fransisko prokurori lavozimida muvaffaqiyatli ish olib borgan Kamala Kaliforniya bosh prokurorligiga birinchi marta 2010 yil, ikkinchi marta 2014 yil muvaffaqiyatli saylanadi. Shtat prokurori lavozimida ishlayotganda Kamala o‘zi kabi yurist bo‘lgan Dag Emhoffga turmushga chiqadi. Ularning farzandi yo‘q, oila Emhoffning birinchi turmushidan tug‘ilgan ikki farzandni tarbiya qiladi. Kamala Harris 2016 yil gubernator va demokratlar qo‘llab-quvvatlashi bilan Kongressga saylovlarda qatnashadi va senatorga aylanadi.

Liberal senator

Kamala Harrisning yoshligi hukumatdagi respublikachilar gegemonligi davriga to‘g‘ri keldi. Bill Klinton 1968 yildan buyon demokratlardan saylangan ikkinchi prezident bo‘lgani bu faktni isbotlaydi. Konservator respublikachilar jinoyatchilikka qarshi keskin kurashga kirishgandi. Klinton davrida demokratlar ham bu boradagi qat'iyatini ko‘rsatib, butun boshli kriminal jinoyatchilikka qarshi qonunlar to‘plamini qabul qiladi. Masalan, Klinton davrida o‘lim jazosiga loyiq ko‘riladigan jinoyatlar turi kengaytiriladi. Hatto mashina o‘g‘irlaganlar ham o‘lim bilan jazolanishi belgilanadi.

O‘sha qonunlarini ishlab chiqishda hozirgi prezident Jo Bayden faol bo‘lgan. Shu sabab uni saylovoldi kampaniyasi vaqtida ikkiyuzlamachilikda ham ayblashdi. Chunki Bayden oxirgi yillarda liberalcha fikrlarni aytmoqda.

Kamala Harris senatorlik faoliyati davomida AQSh siyosatida tobora katta figuraga aylana bordi. U Tramp tarafdori bo‘lgan respublikachilarning takliflarini birinchi bo‘lib rad etishi bilan esda qolardi. Uni mashhur qilgan yana bir voqea bevosita Donald Tramp bilan bog‘liq. Sobiq prezident Brett Kavanoning nomzodini Oliy sud kengashi a'zoligiga tavsiya qiladi. O‘z vaqtida jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan bu odam mamlakatning eng oliy sud kengashiga a'zo bo‘lishini Kamala Harris keskin qoralaydi. Shunda Tramp uni «qo‘rqinchli ayol» deb atagandi.

Prezidentlik uchun kurash o‘xshamadi

AQSh prezidentligi uchun nomzodlar shunchalik ko‘pki, hatto partiyalar ichidagi asosiy nomzod bo‘lish uchun ham kurash jiddiy kechadi. Kamala Harris ham o‘tgan yili birlamchi prezidentlik saylovlarida qatnashgandi.

Odatda prezidentlik saylovlarida muvaffaqiyatsizlikka uchragan nomzodlarda nimadir o‘xshamaydi: kimgadir pul yetmay qoladi, kimdir debatlarda «qovun tushiradi», kimdir raqibining katta farq bilan ustunligiga bardosh berolmaydi. Harrisda esa hammasi yaxshi ketayotgandi, Baydenga «tashlangach», reytingini yaxshigina ko‘tarib ham oldi. Buning ortidan Harrisning shtabi ko‘p pul to‘plashga muvaffaq bo‘ldi, biroq keyinchalik u ba'zi xatolarga yo‘l qo‘yib, kurashni erta tark etdi.

Masalan, dastlab ijtimoiy hayotda katta o‘zgarish qilish shart emasligini aytgan Harris keyinroq kambag‘allar uchun soliqlarni kamaytirmoqchi ekanini gapirib, o‘z fikriga qarshi chiqdi. Yoki kampaniya boshida Berni Sandersning davlat o‘z tibbiyot tizimiga ega bo‘lishi kerakligi haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlab, keyinchalik bu taklifni tanqid qildi-da, o‘zining tibbiyot borasidagi boshqa taklifini bildirdi.

Harrisning shtabiga rahbarlik qilgan singlisi Mayya unga kampaniya davomida prokurorlik faoliyatini pesh qilmasligini maslahat berdi, ammo opasi unga quloq solmadi va go‘yoki Trampni javobgarlikka tortishga asoslangan kampaniya boshladi. Bu esa unga muvaffaqiyat keltirmadi. Shuningdek, Harrisning ikkita shtabi unga turlicha maslahatlar berib, chalg‘itgani aytiladi. Masalan, Harris qaysi shtatga urg‘u berish kerakligini ham bilmay qolgandi. Biroq Kamalaning siyosatdagi obro‘si bekor ketmadi – Bayden uni vitse-prezident sifatida tanladi.

U qanday vitse-prezident bo‘ladi?

AQShda vitse-prezident juda katta lavozim. Masalan, prezident vafot etsa yoki impichment olsa, vitse-prezident uning o‘rnini egallaydi. Senat rahbari hisoblanuvchi vitse-prezident ovoz berish jarayonida kuchlar teng kelsa, hal qiluvchi so‘zni aytadi. U mamlakatdagi islohotlar loyihasiga ham yetakchilik qilishi mumkin, agar prezident bilan munosabatlari yaxshi bo‘lsa. Vitse-prezident aynan prezident bilan munosabatga bog‘liq lavozim hisoblanadi.

AQSh tarixida prezident va vitse-prezident doim ham bir xil fikrlamagan. Ular orasida turli yo‘ldan borgan, hatto raqobatlashganlar ham bor. So‘nggi yillarda esa qarama-qarshilik ko‘zga tashlanmadi. Pens Trampning g‘oyalarini qo‘llagisi kelmayotgani sezilib tursa-da, unga sadoqatni oxirgi daqiqalargacha saqlab qoldi. Obama va Bayden esa juda yaxshi tandem sifatida ishlagandi. Obama yosh bo‘lgani uchun ko‘p yillik siyosatchi Baydenni vitse-prezident sifatida tanlagandi.

Bayden nega Harrisni tanladi?

Baydenni demokratlar asosiy nomzod sifatida tanlagani bejiz emas. Partiya ichida ko‘pchilik aynan u Trampga qarshilik qilishga qodir deb hisoblardi. Praymeriz avvalida Berni Sanders qisqa muddat davomida ustunlik qilganida ham demokratlar Baydenni asosiy nomzod sifatida ko‘rishda davom etishdi. Baydenning saylanishiga vitse-prezident sifatida ayol kishi va qora tanli nomzodni tanlagani ham ta'sir qilmay qolmadi. U birinchi praymeriz vaqtidayoq vitse-prezident sifatida ayol kishini tanlashini aytgandi.

Bu borada Baydenda variantlar boshni aylantiradigan darajada ko‘p emasdi: Michigan gubernatori Gretchen Uitmer, AQShning BMTdagi sobiq elchisi Syuzan Rays va senator Elizabet Uorren. Rays saylovda faol bo‘lmadi, Uorren va Uitmer esa qarashlariga ko‘ra Baydenga juda o‘xshash edi. Asosiysi esa ular qora tanli emasdi. Shu sabab Bayden boshidan Harrisni tanlashi aniq bo‘lgan.

Harris vitse-prezident bo‘lgan 2020 yildan roppa-rosa 100 yil avval Amerikada ayollar saylov huquqiga ega bo‘lgandi, Harris mamlakatdagi juda katta rutbaga erishgan qora tanli ayol sifatida ilk nutqini ham shunga bog‘ladi: «Men bu lavozimdagi ilk ayolga aylandim, lekin oxirgisi emas. Bugun bizga qarab turgan har bir qizaloq bu imkoniyatlar mamlakati ekanini his qilishi kerak».

Obama bilan do‘stlik va mojaro

Kamala Harris AQSh tarixidagi birinchi va hozircha yagona qora tanli prezident Baraka Obama bilan yaxshi do‘st ekani ma'lum. Obama 2004 yil o‘z nomzodini senatorlikka ko‘rsatganda, Harris birinchilardan bo‘lib uni qo‘llab-quvvatlagan. Keyinchalik Obama prezidentlikka saylangach, ularning o‘zaro suhbati audiosi tarqalib, kichik mojaro keltirib chiqardi. Audioda Obama Harrisga «prokurorlarning eng go‘zali» deb xushomad qiladi. Bu «sho‘xlik» Obamaning manziliga axloqqa zid harakat qilgani borasidagi tanqidlar yog‘dirilishiga sabab bo‘ldi.

Prezident Harris bilan do‘stligini eslatib, bu gapi uchun ommaviy tarzda uzr so‘ragandi. Keyinchalik Obama Harrisni Oliy sud kengashi a'zoligiga tavsiya qilishi borasida mish-mishlar tarqaldi, biroq Harris bu lavozimga qiziqmasligini aytadi.

Kamala Harris New York Times dam olish kunlari e'lon qiladigan retseptlar bo‘yicha taom tayyorlashni xush ko‘radi. Aytishlaricha, uning sevimli taomi – pechda dimlangan tovuq go‘shti. Erining birinchi turmushidan bo‘lgan ikki farzandi Harrisni Momala deb chaqiradi. Vikipediyada Harris haqidagi sahifa naq 408 marta tahrirlangan. Aksar tahrirlashni aynan bir kishi amalga oshirgan. Bu faktni e'tiborga olgan Vikipediya yaqinda Harris haqida post e'lon qildi. Unda aytilishicha, Harris haqidagi sahifa Vikipediyada oxirgi bir yil davomida eng ko‘p o‘qilgan 4ta ingliz tilidagi maqolalardan biri bo‘lgan.

Top