23:14 / 25.01.2021
4301

Uzbekistan Airpors Xalqaro aeroportlar kengashiga qo‘shildi

O‘zbekistonning Xalqaro aeroportlar kengashi − Airpors Council International’ga qo‘shilish bo‘yicha onlayn muzokaralar 2020 yil oxirida bo‘lib o‘tgan. Unda «Uzbekistan Airpors» AJ boshqaruv raisi Ravshan Ismoilov va ACI bosh direktori Stefano Baronsi qatnashgandi.

Tashkilotga O‘zbekiston tomoni taqdim etgan hujjatlar ma'qullanib, a'zolik talablarining bajarilishi va keyingi vazifalar kelishildi.

«ACI'ga a'zolik taqdim etilayotgan xizmatlarning ishonchliligini kafolatlaydi. Mamlakat havo transporti tizimini isloh qiladi, sanoatni xalqaro standartlarga moslashtiradi, turizmni rivojlantiradi va investitsiyalar oqimini tezlashtiradi.

Shuningdek, ACI tajribasi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha global choralarni ko‘rish, yo‘lovchilarni pandemiya xavfidan ogohlantirish va himoya qilish bo‘yicha samarali dasturlarni ishlab chiqishga imkon beradi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Ma'lumot uchun, Xalqaro aeroportlar kengashi 1991 yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Kanadada joylashgan. Tashkilot 670 a'zoni birlashtirib, 176 mamlakatda 1 979 aeroportga xizmat ko‘rsatadi.

Top