Jahon | 09:52
1168
4 daqiqa o‘qiladi

Kuba: aeroportlarda aviayonilg‘i yo‘q - xorijiy reyslar qayta ko‘rib chiqilmoqda

Kuba aviayonilg‘i taqchilligini ma’lum qildi: xorijiy aviakompaniyalar shoshilinch ravishda reyslarni qayta ko‘rib chiqmoqda, sayyohlar esa kechikishlar va parvozlarda uzilishlar bilan to‘qnash kelishi mumkin.

Foto: CN360

Kuba hukumati yakshanba, 8 fevral kuni xorijiy aviakompaniyalarga mahalliy aeroportlarda aviayonilg‘i tanqisligi sababli samolyotlarni vaqtincha yonilg‘i bilan ta’minlash mumkin emasligini bildirgan. EFE agentligi yozishicha, cheklovlar dushanba kuni kuchga kiradi va kamida mart oyi o‘rtalarigacha davom etadi.

Gap mamlakatning bir necha aeroportlarida, jumladan Havanadagi Xose Marti nomidagi xalqaro aeroportda ham yonilg‘i yetishmasligi haqida bormoqda. Kuba hukumati tashuvchilarni mamlakat hududida yonilg‘iga tayana olmasligi haqida ogohlantirgan. EFE'ga ko‘ra, bu orolga uchadigan xorijiy aviakompaniyalar marshrutlari, jadvallari va reyslar chastotasini o‘zgartirishga olib kelishi mumkin.

Kubadagi yonilg‘i tanqisligi AQSh bosimi kuchayganidan keyin yanada og‘irlashdi. Yanvar oyi oxirida AQSh prezidenti Donald Tramp Kubaga neft yetkazib berayotgan davlatlarga nisbatan yangi tariflar tizimini joriy etish haqida farmon imzolagan. Oq uy buni asoslar ekan, Kuba hukumati AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solayotgani, shuningdek, dushman davlatlar va guruhlar bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan. Shu fonda orolga yonilg‘i yetkazib berish qisqargan va bu samolyotlarni yonilg‘i bilan ta’minlashda muammolarga olib kelgan.

Telegram’dagi Mash kanali xabar berishicha, dushanba, 9 fevral kuni “Rossiya” aviakompaniyasining Moskvadan Havanaga reysi oxirgi daqiqada bekor qilingan — ekipaj komandiri Kuba aeroportida yonilg‘i yo‘qligini yo‘lovchilarga aytgan. Biroq Flightradar xizmati ma’lumotlari samolyot baribir taxminan 5 soat kechikib Kubaga uchib ketganini ko‘rsatadi. Mash turagentlarga tayanilgan holda keltirgan versiyaga ko‘ra, samolyot Kubada qolib ketgan rossiyalik sayyohlarni olib kelish uchun bo‘sh holda yuborilgan bo‘lishi mumkin.

Bu ma’lumotni Rossiya Turoperatorlar assotsiatsiyasi qisman tasdiqlagan: u yo‘lovchilar bilan reys bekor qilingani va samolyot Kubaga turistlarsiz yuborilganini bildirgan. Rossiya OAV e’tibor qaratgan “Aeroflot” bron qilish tizimiga ko‘ra, yaqin kunlar uchun Havana va Varaderoga reyslar jadvali tuzatilgan, chiptalar savdosi esa vaqtincha to‘xtatilgan.

Rossiya Turindustriya ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra (uni “Moskva” agentligi keltiradi), hozir Kubada Rossiyadan kelgan taxminan 4 ming turist bor. Turoperatorlar assotsiatsiyasi esa oroldagi rossiyalik turistlar sonini 4,2–4,7 ming oralig‘ida baholaydi. Shu bilan birga, Turindustriya ittifoqi rossiyalik turistlarni qaytarish masalasida xavotir yo‘qligini bildirgan.

EFE 9 fevral kungi nashrida Kuba turizm sohasidagi qiyinchiliklar haqida yozib, sektor COVID-19 pandemiyasidan keyin, AQSh sanksiyalari va ichki iqtisodiy muammolar fonida allaqachon inqirozni boshdan kechirayotganini qayd etgan. Turoperatorlar assotsiatsiyasi ma’lumoticha, xorijiy turistlar oqimi kamayishi sabab Kubadagi ayrim mehmonxonalar yopilmoqda, dam oluvchilar esa bepul ravishda boshqa mehmonxonalarga ko‘chirib o‘tkazilmoqda.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kubada yonilg‘i bilan bog‘liq vaziyat jiddiy ekanini tan olgan. Uning so‘zlarini “Mayak” radiostansiyasi keltiradi. Peskovga ko‘ra, AQShning “bo‘g‘uvchi usullari” mamlakatga “ko‘p qiyinchiliklar” keltiryapti va Moskva Havana bilan yordam hamda qo‘llab-quvvatlashning ehtimoliy yo‘llarini muhokama qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid