13:05 / 31.01.2021
45966
«Ibodat uchun jonini fido qilardi» – Shuhrat Qayumov yaqinlari xotirasida

2020 yilning 22 sentyabr kuni o‘zbek xalqining kattayu kichigiga birdek qadrli bo‘lgan san'atkor Shuhrat Qayumov olamdan o‘tgandi.

Shuhrat Qayumov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, «Madaniyat va san'at fidokori» ko‘krak nishoni sohibi, oliy toifali suxandon. 51 yillik umri davomida teatr aktyori, xonanda, diktor sifatida mazmunli faoliyat olib bordi.

Shuhrat Qayumov qisqa bo‘lsa-da, ibratli umr kechirdi. U nafaqat san'ati, yuraklarga yetib boruvchi ovozi bilan, balki go‘zal xulqi va insoniyligi bilan ham yaqinlari xotirasida, xalqning qalbida abadiy iz qoldirdi.

Oila a'zolari, yelkama-yelka faoliyat ko‘rsatgan safdoshlari uni iliq xotiralar bilan yodga olishadi.

Abdukarim Mirzayev, suxandon:

– O‘tgan yili qishda Shuhrat aka bilan Istanbulda ko‘rishgandik. O‘shanda shuncha umr yo‘lini yurib keldingiz, xulosalaringiz qanday, deb so‘radim.

Menga qarab turgan Shuhrat aka mashina oynasidan tashqariga qaradi. Balki o‘yladi, balki tushundi. Balki lo‘ndaroq javob berishni istadi:

«Yo‘l juda uzun edi va juda ko‘p mas'uliyatim bor edi. Ishim bergan mas'uliyat, odamlar bergan mas'uliyat, oilam bergan mas'uliyat. Va qirilgan bir qalbim bor. Insonlar yillar davomida mening qalbimni, ko‘nglimni qirib o‘ynashdi», dedi. Qirib o‘ynashni bir tasavvur qilib ko‘ring. Temirni temir bilan qirganda ovoz chiqqanda yurak chidamaydiku, shuni ta'riflashga urindi. «Juda og‘ir edi. Lekin men butun vujudim, ruhiyatim, bor-yo‘g‘im bilan Allohga yopishib oldim. Odamlardan kelgan har qanday muammolar, g‘iybatlar, yolg‘onlar, tuhmatlardan Alloh baribir kuchlidir».

Shuhrat aka 2006 yil birinchi marta Umraga bordilar. Shunda menga mushk-anbar sovg‘a qilgandilar. O‘shandan beri har yili bordilar, faqat o‘tgan yili karantin sababli bora olmay qoldilar. «Bormasam bo‘lmaydi, bormasam, o‘lib qolaman», derdilar.

Bir kuni menga Shuhrat akaning raqamidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Xursand bo‘lib ko‘tardim. Lekin gapirayotgan odam boshqa. «Allo, Abdukarim», deyaptilar. «Kim bu?» desam, «men, Shuhrat akangizman», deydilar. Ovozlari o‘zgarib qolgan ekan. «Ovozim ketib qoldi», dedilar. Ko‘ngillarini ko‘targan bo‘ldim. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, «ko‘zim ko‘rmay qoldi», deb telefon qildilar. Borgan sari ahvollari yomonlashib boraverdi. Ko‘ngildagi qirishlar o‘zining kuchini ko‘rsatgan edi. «Mendan rozi bo‘lasiz», dedilar. «Nega unaqa deyapsiz, unaqa gaplarni aytmang», desam ham, «eshitishim kerak», deb oxirigacha turib oldilar. O‘shandan 4-5 kun o‘tib vafot etdilar. Shuhrat akaning yaqinlari orasida u rozi-rizochilik so‘ramagan hech kim qolmadi.

Dildora Rustamova, suxandon:

– Shuhrat aka bilan 1997 yilda, televideniyega ilk bor ishga kelganimda ko‘rishganmiz. O‘shanda qanday taassurot uyg‘otgan bo‘lsalar, hayotlarining so‘ngiga qadar menda u kishiga nisbatan bo‘lgan hurmat va mehr tobora mustahkamlanib bordi. Xokisor, mehribon, oqibatli, kuyunchak inson edilar. Yaxshiliklarga nafaqat o‘zlari, balki o‘zlari tanigan-bilgan insonlar ham erishishini istab, kuyunchaklik qilardilar.

Ko‘p yaxshi ishlarini o‘zlaridan emas, orqavarotdan eshitardik. Oxirgi paytlarda yoshlarga ilm o‘rgatish borasida ulkan ishlarni amalga oshirdilar. Shogirdlariga nafaqat notiqlik, balki insoniylik masalalarida ham ta'lim berardilar. O‘zlarida bor bilimning boshqalarda ham bo‘lishini istardilar.

Ularning fikrlari, maslahatlari doim o‘rinli bo‘lardi. Bahslashish befoyda edi. Chunki necha marta o‘ylab, bir xulosaga kelib, keyin o‘sha fikrni aytganlarini anglash qiyin emasdi.

Faoliyatlariga cheklovlar ham bo‘ldi. Siz «Axborot» dasturini o‘qiysiz, qo‘shiq aytish mumkin emas, degan qarshiliklar bo‘lganda ham, har ikkisini baravar, birini biridan kam qilmagan holda olib bordilar, ikkisida ham hurmatga sazovor bo‘ldilar.

Izlanishdan to‘xtamasdilar, doim kitob o‘qirdilar. Va atrofdagilarni ham shunga da'vat qilardilar.

Fayzulloh Hamidullayev, marhumning farzandi:

– Dadam tarbiya masalasiga juda chiroyli, kuchli qarardilar. Lekin hech qachon qattiq yoki qo‘pol gapirmaganlar. Nima bo‘lgan taqdirda ham yaxshi gap bilan tushuntirardilar. O‘g‘il bo‘lib, shu paytgacha otamdan qattiq gap eshitmagan ekanman. Nima gaplari bo‘lsa, shunday tushuntirardilarki, undan ko‘ra, ursa yaxshi edi, deb o‘ylardingiz.

Dadamni yo‘qotganimdan ham ko‘ra ko‘proq bu dunyodan shunday yaxshi inson ketganiga achinaman. Dadamlar haqida hech yomon gap eshitmaganman. Tanishmi, yotmi, hech o‘ylamasdan, hammaga yordam berardilar. Juda kechiruvchan inson edilar, xafagarchilikni o‘zlarida saqlamasdilar. Alloh roziligi uchun doim kechirganlar.

Ham din bo‘yicha, ham fandan barchamizning birinchi ustozimiz bo‘lganlar. Boshimizni sajdaga qo‘ygan, Qur'onni o‘rgatgan inson dadam edilar. Niyatlari odamlarga ko‘proq foydalari tegishi edi. Faqatgina san'atkor emas, yaxshi inson deb eslashlarini istardilar. Juda ko‘p bolalar yaxshi inson, qori bo‘lib yetishishida u kishining hissalari bor. Lekin bu haqida hech kimga aytmaganlar.

Hamidulloh Qayumov, marhumning otasi:

– Bolam har kimning qalbiga kirib boradigan inson edi. Yot bo‘lsa ham, jigari bo‘lsa ham jonini fido qiladigan bo‘lib o‘sgandi.

Faqat davlat ishiga emas, diniy ishlarga ham jonini fido qilgandi. Hukumat ishidaman demasdi. Ibodat uchun jonini fido qilardi. Jon-u jigarlariga, ahli ayoliga, farzandlariga o‘ta mehribon edi. Shunday farzand o‘stirganimdan juda faxrlanaman. Qo‘lidan kelgancha hammaga muruvvat qilardi, odamlarning qo‘ltig‘iga qo‘tiqtayoq bo‘lardi. Shuhratulloh deb chaqirsam, darrov oldimga kelib, «labbay, dadajon» derdi doim.

Rustamjon Arziyev, Shuhrat Qayumovning administratori:

– Shuhrat aka bilan 1995 yildan beri hamkorlikda ishlab kelganmiz. Bir kuni Sirdaryodan to‘yga buyurtma keldi. Buyurtmani olaymi, desam, «o‘sha kuni birodarimiz Azamat akaning ham to‘ylari bor-ku», dedilar. «Azamat aka o‘zimizniki-ku, tushuntirarmiz», deb aytdim. «Mayli, buyurtmani olib qoling», dedilar. Buyurtmani olib qoldim. Keyin Azamat akaga «Rustam shu kunga to‘y olib qo‘yibdi. Biz sizga xizmatga san'atkorlarni chaqirib beraylik», deb tushuntirdilar. Ammo u kishi «Gap san'atkorda emas, men sizni niyat qilganman. Oldimda turishingizni xohlaganman», deb turib oldilar.

Shunda Shuhrat aka «to‘yni qaytarmasak bo‘lmaydi», deb to‘y egasiga tushuntirish uchun kech bo‘lganda Sirdaryoga otlandilar. O‘zimni yuborsalar ham bo‘lardi, lekin «u odamlar va sizning o‘rtangizda ishonchsizlik bo‘lmasin», deb o‘zlari yo‘lga chiqdilar. Kech bo‘lganda Sirdaryoga yetib bordik. Buyurtma bergan o‘sha odamni qidirib topib, oldindan berilgan pulni qaytarib, uzrlarini so‘rab, vaziyatni o‘zlari tushuntirdilar.

Har doim hech kimni norozi qilmaslikka, xafa qilmaslikka harakat qilardilar. Hech qachon yolg‘on gapirmasdilar.

Mansur Hasanov, matbuot kotibi

– Bir kuni mashinalarida suhbatlashib turganimizda qo‘limda ichimlikdan bo‘shagan idish bor edi. Mashinaning eshigini ochib, idishni ko‘chaga tashlashim bilan «Eshikni oching-da, idishingizni mashinaning ichiga tashlab qo‘ying. Bu mening vatanim, ona tuprog‘im. Men shu yerda yashayman. Siz tashlagan chiqindini onamiz, otamiz tengi insonlar tozalashadi», deb chiroyli muomala bilan tushuntirganlar. Tabiatga bo‘lgan muhabbatlari katta edi. Hovlilarida ham kichik joyda katta bog‘ tashkil qilganlar.

Sog‘ligi yomonlashishidan avvalroq milliy qo‘shiqlardan iborat «40 mumtoz tarona» nomli albom ustida ishlayotgandilar. 30ga yaqinini studiyada yozgandilar. Sog‘liklari yomonlashib, ovozlarida o‘zgarishlar paydo bo‘lgach, to‘xtab qoldi. Ishlari amalga oshmay qoldi. Oliy Mahadda ham notiqlik madaniyatidan saboq berardilar. Mana shu faoliyatlari yuzasidan ilmiy ish qilish niyatlari ham bor edi.

Ammo vaqtlari bo‘lmasdi. Bu ham armon bo‘lib qoldi.

Saodat Abdurahmonova, Kun.uz jurnalisti
Tasvirchi va montaj ustasi – Asad Allanazarov

Top