22:10 / 04.02.2021
10038
Qishning eng asosiy transferlari

Odatda kamtarroq o‘tadigan qishki transferlar oyi bu safar yanada zerikarliroq kechdi. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan inqiroz boy klublarga ham jiddiy zarba berdi. Bu safar qishki transferlarda sarflangan mablag‘lar ikki barobar kamroqni tashkil etdi, qishning eng qimmat transferi esa 23 million yevrolik bo‘ldi - «Vest Hem» yozda «Brentford»dan ijaraga olingan Said Benrahmaning transfer huquqini sotib oldi. Quyida qishning eng asosiy 15 transferi haqida keltiriladi.

15. Islam Slimani – «Lester»dan «Lion»ga (erkin agent)

Slimani «tulkilar» uchun muvaffaqiyatsiz xarid bo‘lib chiqdi. Uni chempionlikdan keyingi yozda xarid qilishgan, o‘shanda birdaniga top-klublar qatoriga qo‘shilib qolgan «Lester» zaxira hujumchisi uchun 27,9 mln funt sarflashgandi. Islam birinchi mavsumida deyarli har o‘yinda ishtirok etdi, ammo o‘sha mavsumda «Lester» ligani tark etishdan bazo‘r qutulib qoldi – keyingi yillarda esa u klub uchun «ochilmaydigan chamadon»ga aylandi - so‘nggi mavsumlar «Nyukasl», «Fenerbahche» va «Monako» klublarida ijarada o‘tdi.

Vardi borligida boshqa hujumchilar uchun «King Pauer»da o‘zini ko‘rsatish uchun deyarli hech qanday imkon bo‘lmaydi. Ammo hozirda Ayose Peres ikkinchi skripka rolini bajarishni uddalamoqda (Vardi bilan juftlikda, asosiy hujumchi ortidan yoki qanotlarda). Slimani esa bunday qila olmagandi, shu tufayli Peres emas, aynan u «Lester»da o‘rinbosarlar jamoasida o‘ynadi. Endi u hujumkor «Lion»da imkoniyatini sinab ko‘radi.

14. Demaray Grey  «Lester»dan «Bayyer»ga (1,8 mln funt)

O‘tgan o‘n yilliklarda angliyalik futbolchilar Yevropaning boshqa qismlariga borishmasdi. Endi esa o‘rtamiyona, milliy jamoa safida o‘ynamagan va hatto so‘nggi yarim yilni o‘yin amaliyotisiz o‘tkazgan futbolchi ham YeChL yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan nemis klubi uchun kerak bo‘lib qoldi.

Aslida, Grey nouneym emas. U Angliyaning o‘smirlar va yoshlar jamoalaridagi asosiy yetakchi futbolchi bo‘lgan, besh yil muqaddam «Lester»ga chempionlik mavsumi arafasida qo‘shilgandi. Rodjyers davrida esa Demaray asosiy tarkibdan chetda qoldi, ayni vaqtda hujum chizig‘ida raqobat kuchli. Grey uchun chap qanot hujumida o‘ynash qulay, nemis klubi bosh murabbiyi Peter Bosh so‘nggi o‘yinlarda bu pozitsiyaga begona bo‘lgan Virs va Beylini o‘ynatishga majbur bo‘lmoqda, u ushbu transfer orqali jamoa hujum chizig‘ida yanvar oyida kuzatilgan muammolarni hal qilishni ko‘zlagan.

13. O‘zan Qoboq – «Shalke»dan «Liverpul»ga (yarim yillik ijara uchun 1 mln funt)

So‘nggi yillarda «qizillar»ning transfer siyosati ko‘p maqtov olmoqda. Albatta, klub Klopp murabbiyligi davrida yangi xaridlarni amalga oshirishda kam xato qildi, ammo bu safar markaziy himoyachi tanlashda juda ko‘p vaqt sarflandi va bu ko‘plab ochkolar yo‘qotilishiga olib keldi. Klub O‘zanni o‘rganishni yarim yil avval boshlagandi, ammo u bo‘yicha shartnoma qishki transferlar darichasi yopilishi arafasida imzolandi – bunda Matip mavsum yakuniga qadar safdan chiqqani ham rol o‘ynadi. Lekin ushbu yo‘qotishsiz ham klubga sentrbek juda zarur edi? Agar Kabak 1 fevraldamas, 1 yanvarda kelganida qancha ochko yonga qolgan bo‘lardi?

O‘zan yosh, ammo 20 yoshgacha u professional futbolda qariyb yuz o‘yinda maydonga tushgan, shu jumladan xalqaro o‘yinlarda ham: terma jamoa o‘yinlarida ham, yevrokuboklarda ham. Shu tomoni bilan u Fillips va Uilyamsdan yaqqol ustun, birinchisi shu mavsumga qadar yuqori liga o‘yinlarida ishtirok etmagandi, ikkinchisi – umuman professional futbolda maydonga tushmagandi.

Shu bilan birga – bu mavsumda Bundesliganing 19 o‘yinida 49 gol o‘tkazib yuborgan jamoa himoyachisini maqtash mushkul. Yevropaning eng yomon o‘yin ko‘rsatayotgan jamoalaridan biri safidan qit'aning eng yaxshi jamoalaridan biri safiga kelib qo‘shilgach, yuzaga keladigan bosimni u qanday yengib o‘tadi, kuzatamiz.

12. Sebasten Aller – «Vest Hem»dan «Ayaks»ga (22,5 mln yevro)

2018/2019 yilgi mavsumda Frankfurtning «Ayntraxt» jamoasi Yevropadagi eng kuchli hujum uchliklaridan biri edi. Rebich — Aller — Yovich triosi Germaniyadagi klublarning himoyachilarini birin-ketin dog‘da qoldirib, sal qosa o‘rtamiyona jamoani Yevropa Ligasi g‘olibiga aylantirishi mumkin edi. Lekin yozga borib bu uchlik tarqalib ketdi: Rebich «Milan»ga, Yovich – «Real»ga, Aller esa 50 mln yevro evaziga kutilmaganda «Vest Hem»ga yo‘l oldi.

Ammo ushbu transferlarning hech biri kutilganidek bo‘lmadi: faqat Rebichda faoliyatini davom ettirish imkoniyati saqlanib qoldi, ammo u ham dastlab yorqin o‘ynab ketolmagandi – Yovich va Aller esa poytaxt klublarida ko‘p qolishmadi. Aller London klubida Maykl Antonioga raqobat qila olmadi. U o‘tgan mavsumda 7 gol urgandi, joriy mavsumning birinchi davrasida esa 3 gol bilan kifoyalandi. Qishki transferlar avvalida unga «Ayaks» xaridor bo‘ldi va «Vest Hem» o‘ylanmasdan uni sotib olingan narxidan ikki barobardan ham arzonroqqa sotib yubordi. Fransuz hujumchisi Amsterdamda yana avvalgidek o‘ynay boshladi - dastlabki besh o‘yinida 2 gol va 3 golli uzatma.

11. Villian Joze – «Sosedad»dan «Vulverhempton»ga (ijara)

Ximenes jiddiy jarohat olganidan keyin «Vulverhempton»ga tajribali forvard kerak bo‘lib qoldi: Fabiu Silva hali yosh. Yanvarda klub Patrik Kutronni «Fiorentina»dan qaytardi, ammo keyin uni tarkibda olib qolmaslikka qaror qilishdi: italiyalik hujumchi «Valensiya»ga ijaraga berildi. Diyego Kostaga qiziqish bildirilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi, ammo yakunda «Sosedad»dan Villian Joze ijaraga olindi.

Bu mavsumni Ispaniyada braziliyalik futbolchi avvalgilaridek o‘tkazmayotgandi (13 o‘yinda 3 gol), lekin unga qadar to‘rt mavsum davomida kamida 10tadan gol urgan. U Angliyada ham jamoasiga foyda keltirishni boshlab yubordi, «Arsenal»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida penalti ishlab, raqib bir kishi kam bo‘lib qolishiga va yakunda g‘alaba qozonilishiga hissa qo‘shdi.

10. Amad Diallo – «Atalanta»dan «MYu»ga (21 mln yevro)

«Manchester Yunayted» hujum qanotini qanday kuchaytirish haqida ko‘p o‘yladi. Usmon Dembeledan tortib Jyeydon Sanchogacha bo‘lgan nomlar aylandi. Ammo ushbu futbolchilar bilan kelishishning imkoni bo‘lmadi va «MYu» «Atalanta»ning yosh vingeri Amad Dialloga ishonch bildirdi.

Ushbu transfer masalasi o‘tgan yilning oktyabridayoq hal bo‘lgandi, ammo «MYu» rasmiyatchilik ishlarini yanvarga qoldirdi. Natijada Diallo Chempionlar ligasida debyut qilishga ulgurdi (A Seriyada u o‘tgan mavsumdayoq ilk o‘yinini o‘tkazgandi) – bu APLda ishlash uchun ruxsat beruvchi ballarni keltirdi.

«Atalanta» vingerni mavsum yakuniga qadar ijaraga qoldirishni so‘ragandi, ammo Sulsher boshqacha fikrda edi: bosh murabbiy Angliya futboliga ko‘nikkuniga qadar Amadni «MYu» o‘rinbosarlari jamoasiga yubordi. Yaqinda u «Liverpul»dagi tengdoshlariga qarshi o‘yinda dublni rasmiylashtirdi.

Transfer qiymati yuqori — kattalar futbolida atigi besh o‘yin o‘tkazgan 18 yoshli ivuarlik uchun «qizil iblislar» 21 mln yevro sarflashdi. Bonuslar hisobiga bu raqam 40 mln yevrogacha yetishi mumkin. 

9. Aleksandr Kokorin – «Spartak»dan «Fiorentina»ga (4,5 mln yevro)

Yevropadagi rossiyalik futbolchilar soni yana bittaga ko‘paydi. Kokorin 30 yoshida «Fiorentina» a'zosiga aylandi. U o‘z faoliyatida nooddiy yo‘lni bosib o‘tdi: Rossiya futbolining umidlaridan biri bo‘lishdan futbolchilar ro‘yxatidan chiqishgacha. U so‘nggi ikki yil ichida jami 20 o‘yinda maydonga tushgan va birdaniga top-ligada paydo bo‘lmoqda. Endi u Frenk Riberi bilan birga to‘p suradi.

8. Jyessi Lingard – «MYu»dan «Vest Hem»ga (ijara)

Lingard bu mavsumda faqat Kubok o‘yinlarida jami 179 daqiqa maydonda harakat qildi, uch oyni jarohat tufayli o‘tkazib yubordi: sentyabrda Liga kubogi o‘yinida maydonga tushdi, keyin davolandi (Sulsherning so‘zlariga ko‘ra), yanvar oyi boshida Angliya Kubogi doirasida «Uotford»ga qarshi o‘yinda ishtirok etdi. Endi esa barchasini qayta boshlashi uchun ijaraga berib yuborildi.

Smolling bilan bo‘lganidek, ba'zida Manchesterdan ketish ham foydali bo‘ladi. U «Vest Hem» safidagi debyutida dublni nishonladi.

Sulsherning aytishicha, u Jyessini qo‘yib yubormoqchi bo‘lmagan: mavsum uzun, taqvim tig‘iz va u albatta murabbiyga kerak bo‘lardi. Ammo Jyessining o‘zi ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istagan.

7. Mussa Dembele – «Lion»dan «Atletiko» (mavsum yakunigacha ijara)

Ispaniya chempionati yetakchisi — Madridning «Atletiko» klubida — hujumchiga ehtiyoj sezildi. Diyego Kosta bilan shartnoma bekor qilingach, birgina Suares bilan uzoqqa borib bo‘lmasdi, 34 yoshli futbolchi mavsum davomida bir xilda o‘yin ko‘rsatishini kutish qiyin. Urugvaylik futbolchiga «Lion»dan ijaraga olingan Mussa Dembele yordam beradi.

O‘tgan mavsumda juda yaxshi o‘yin namoyish etgan 24 yoshli fransuzning natijalari (chempionat o‘yinlarida 16 gol) bu mavsumda pasaya boshladi: u «Lion» safidagi 16 o‘yinda atigi bir gol urgan. Dembelening o‘yinidagi pasayishga «Lion» afsonasi, hozirda klub sport direktori bo‘lgan Junino Pernambukano izoh berdi. «Mussa oldimga keldi va ishtiyoqini yo‘qotgani tufayli klubni almashtirishi kerakligini aytdi», — deya Juninoning so‘zlarini keltiradi Telefoot.

Ijara barcha uchun ideal variant hisoblanardi: «Atletiko» yarim mavsum uchun 1,5 mln yevro evaziga yuqori saviyali forvardga ega bo‘ldi, «Lion» vaqtincha bosh og‘riqdan qutuldi, Dembele esa o‘zi uchun yangi sharoitlarda «qayta tiklanish» imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, «matraschilar» mavsum yakunida Dembelening transfer huquqini 33,5 mln yevro evaziga sotib olishi mumkin. «Lion» Slimanini erkin agent sifatida tekinga qo‘lga kiritib, uning o‘rnini to‘ldirgan.

6. Dominik Soboslai – «RB Zalsburg»dan «RB Leypsig»ga (20 mln yevro)

Vengriyalik yosh yulduz Soboslai kuchliroq liga jamoasiga borib qo‘shilishi kutilgandi. U allaqachon «Zalsburg» darajasidan o‘sib ketgan, boshqa «Red Bull» — bu safar Leypsigdagisi — unga o‘zini yanada to‘liqroq namoyon etish uchun imkon. «O‘ylaymanki, «Leypsig» mening rivojlanishim uchun ideal darajada to‘g‘ri keladi. Men katta ambitsiyalarga va yoshlardan iborat jamoaga o‘tdim, bu yerda top-murabbiy ishlaydi», — degandi Soboslai o‘zining transferi bo‘yicha.

Dominik hozirgacha yangi klubi safida debyut qila olmadi, u jarohatidan davolanishda davom etmoqda. «Leypsig»ga ham aynan hozir unga ehtiyoj yo‘q edi, ammo rahbariyat o‘tgan yilgi xatoni takrorlamaslikka qaror qildi - o‘shanda Holand «Zalsburg»dan «Leypsig»ga emas, «Borussiya» Dortmund safiga o‘tgandi.

5. Arkadiush Milik – «Napoli»dan «Marsel»ga (yarim yillik ijara)

«Napoli»dagilar polshalik hujumchiga katta umidlar bog‘lashgandi. Milik ularning ishonchining bir qisminigina oqladi: eng yaxshi ko‘rsatkichi 2018/2019 yilgi mavsumda qayd etildi, o‘shanda u 47 o‘yinda 20ta gol urgandi. Qolgan vaqtda Arkadiush barqaror o‘yin ko‘rsata olmadi, bunga uning ko‘p marta jarohat olishi sabab bo‘ldi.

2020 yil yozida u «Napoli» bilan shartnomani uzaytirishdan bosh tortib, Sarri boshqaruvidagi «Yuventus»ga o‘tishni ko‘zlagandi, ammo bu transfer amalga oshmadi. «Napoli» esa uni yangi mavsumga zayavka qilmadi. Futbolchi Yevropa chempionatida ishtirok etish uchun o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida o‘zini transferga qo‘yishlarini so‘radi, neapolliklar uning transferi uchun belgilagan 15 million yevroga hech qaysi klub rozi bo‘lmadi. Yakunda uni «Marsel» keyinroq sotib olish huquqi bilan ijaraga oldi. Yozda fransuzlar uni 8 million yevroga sotib olishi mumkin (yana bonuslar ko‘rinishida 5 million yevro). Balki Arkadiush Fransiyada faoliyatini qaytadan boshlar?

4. Luka Yovich  «Real»dan «Ayntraxt»ga (mavsum yakunigacha ijara)

Luka Yovich ham katta klubda o‘ynab keta olmadi. U Madridda o‘tgan mavsumda chempionat o‘yinlarida 2 gol urdi, bu mavsumda esa - 0. Zidan unga imkoniyat berdi, ammo u gol urmadi, 63 million yevro evaziga ko‘p narsa qilish kerak edi.

O‘yindagi muammolardan tashqari, serbiyalik forvard bir necha marta noqulay vaziyatga tushib qoldi: g‘alati holatda oyog‘ini sindirib oldi, karantinni buzdi va qamoqqa tushishiga bir baxiya qoldi!

«Qirollik klubi» Yovichni qayta tarbiyalanish uchun sobiq klubi «Ayntraxt»ga yubordi. Bu yerda Luka 2018/2019 yilgi mavsumda yorqin o‘yinlar namoyish etgach, grand klublar nazariga tushib, yakunda «Real»ga o‘tgandi. Yovich «Ayntraxt»da yana ochildi - qaytganidan buyon to‘rt o‘yinda uch gol urdi. Bu «Real»da bir yarim yilda urganidan ko‘proq. Ehtimol, «Ayntraxt» tufayli Yovich yana «Real» darajasidagi klubda ikkinchi imkoniyatga ega bo‘lar.

3. Alexandro «Papu» Gomes – «Atalanta»dan «Sevilya»ga (5,5 mln yevro)

«Atalanta»ning 7 yillik yetakchisi va sardori jamoa bosh murabbiyi Jan Pero Gasperini bilan janjallashib qolgach, klubni tark etishga majbur bo‘ldi. Vaziyat kun sayin keskinlashib bordi, «Midt'yulland» bilan o‘yindagi janjaldan keyin (o‘shanda Gomes murabbiy qaroriga ko‘ra qanotda o‘ynashga rozi bo‘lmagandi) argentinalik futbolchi Bergamo bilan xayrlashguniga qadar bir oydan oshiq vaqt o‘tdi.

Endi Gomes «Sevilya» sharafini himoya qiladi. Transfer andalusiyaliklarga 5,5 mln yevroga tushdi, garchi Transfermarkt Alexandroni ko‘proqqa baholagan (15 mln yevro). Gomes «Inter» yoki «Yuventus»ga o‘tishi ham mumkin edi, ammo «Atalanta»ning A Seriyadagi raqiblari safini kuchaytirishni istamadi. Bergamoliklarning sobiq sardoridan chiroyli qaror.

2. Martin Edegor – «Real»dan «Arsenal»ga (mavsum yakunigacha ijara)

«Arsenal» «o‘nlik» pozitsiyasiga futbolchi topdi. Martin Edegor o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun Madriddan Londonga ko‘chib o‘tdi. Qator ijara mavsumlaridan keyin «Qirollik klubi»ga qaytgan Martin baribir o‘zini ko‘rsata olmadi va yana ijaraga yo‘l oldi.

Mavsumning qolgan qismini Martin «Arsenal»da o‘tkazadi. Edegorning «Real»dagi kelajagi tumanli bo‘lsada, klub uni sotishni istamayapti. Shu tufayli, «Arsenal» bilan shartnomada ham keyinroq sotib olish huquqi kiritilmagan.

1. Mesut O‘zil, «Arsenal»dan «Fenerbahche»ga (erkin agent)

«Arsenal» qishki transferlar oynasida eng ko‘p ishlagan klub bo‘ldi. Edegor qiyofasida kuchayish ham ikkinchi planga tushadi, axir «kanonirlar» nihoyat budjetga og‘ir yuk bo‘layotgan ballastdan qutulishdi. Kolashinats «Shalke»ga ijaraga berildi, Sokratis va Shkodran Mustafi bilan shartnoma bekor qilindi - gretsiyalik futbolchi «Olimpiakos»ga, germaniyalik futbolchi «Shalke»ga o‘tdi. Mesut O‘zilning maoshi esa hammanikidan yuqori edi: qariyb bir yil davomida futboldan tashqarida bo‘lgan germaniyalik «Arsenal»dan oyiga 350 ming funt olishda davom etdi. 

Lekin O‘zil oxirigacha ketishni istamadi. U «Arsenal» bilan shartnomasi muddati tugaguncha qolmoqchi bo‘ldi, ammo vaziyatga «Fenerbahche» aralashdi. «Men juda hayajondaman. «Fenerbahche» rahbariyati va muxlislar bu transferdan xursand, ular mening ham eski orzuimni ro‘yobga chiqarishdi. Men hamisha «Fenerbahche»ga muxlislik qilib kelganman. Umid qilamanki, biz birgalikda ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishamiz», dedi Mesut turk klubi bilan shartnoma imzolash jarayonida.

Turklar klubida moliyaviy inqiroz, ammo mahalliy muxlislar futbolchining maoshiga yetadigan pulni yig‘ib berishdi.

Top