Yaqin vaqtlar ichida Yevropada qishki transferlar darichasi ochiladi. OAVda har kuni ehtimoliy kelishuvlar haqida xabarlar chiqib turibdi. Yanvarda kimlar klubini o‘zgartiradi? Quyidagi materialda — ehtimoli yuqori bo‘lgan transferlar haqida.

«MYu» Reshford bilan xayrlashadi

Allaqachon 27 yoshni qoralagan Markus Reshford «Manchester Yunayted»ning yangi bosh murabbiyi Ruben Amorim bilan chiqishib keta olmadi. Portugaliyalik mutaxassis vingerning futbolga jiddiy munosabatda emasligidan norozi. Shu tufayli Amorim Markusni tarkibdan chiqardi, u oxirgi o‘yinlar qaydnomasiga ham kiritilmadi, «MYu» rahbariyati ham o‘z tarbiyalanuvchisi bilan xayrlashishga tayyor. The Guardian xabariga ko‘ra, klub Reshfordni transferga qo‘ygan va yanvardayoq sotilishi mumkin — bu qarorni Amorim va klub rahbarlaridan biri Jim Retkliff kelishgan holda qabul qilgan. «MYu»dagilar ushbu futbolchining ketish vaqti keldi deb hisoblashmoqda.

Bir necha yil muqaddam Reshfordga «PSJ» jiddiy qiziqqan va vaqti-vaqti bilan boshqa ehtimoliy xaridorlar ham paydo bo‘lib turgandi. Ammo endi uning uchun navbatda turganlar ko‘p emas. The Telegraph xabariga ko‘ra, hali 27 yoshda bo‘lgan Markusga Saudiya Arabistoni klublaridan qiziqish mavjud. «Al-Ittihod», «Al-Hilol», «An-Nasr», «Al-Ahli» va «Al-Qodisiya» kabi klublar uni tarkibida ko‘rishga qarshi bo‘lmaydi. Futbolchining o‘zi esa hozircha Yevropani tark etishni rejalashtirmagan. Ammo u shu qishda ketmasa, bir yarim yilini va sport formasining qolganini ham yo‘qotadi.

Viktor Dyokeresh qayerga o‘tadi?

Shvetsiyalik 26 yoshli hujumchi 2024 yilning eng yaxshi to‘purari bo‘ladi. Hozirda «Sporting» forvardi yil boshidan buyon barcha turnirlar dorasida urgan gollar soni (milliy jamoadagi natijalar ham qo‘shib hisoblanganda) 61 taga yetgan, yil oxirigacha esa Portugaliya chempionatida «Benfika»ga qarshi kechadigan yana bitta o‘yin bor. So‘nggi o‘n yillikda faqat Robert Levandovski bir kalendar yilida bundan ko‘proq gol urgandi — 2021 yilda 69 ta.

Dyokereshning natijalari Ruben Amorim ketganidan keyin pasaydi, ammo bozorda unga talab pasayishi dargumon. Viktor Lissabonda juda yorqin o‘ynamoqda. Transfermarkt uning transfer bahosini 75 million yevro qilib belgilagan, bu narx hozirda markaziy hujumchiga ehtiyoj sezayotgan «Arsenal», «PSJ», «Real» va boshqa katta klublarga qimmatlik qilmaydi.