15:33 / 08.02.2021
66655

Botoks, filler va boshqalar. Go‘zallik qurbonlikka arziydimi?

Go‘zallik qurbonlik talab qilishi rost. Opa-singillarimiz chiroyli bo‘lish uchun hatto tig‘ ostigacha kelishga rozilar. Ammo aksariyat ayol-qizlar sun'iy yo‘l bilan go‘zal tashqi ko‘rinishga erishishga urinib, o‘z salomatliklarini xatarga qo‘yayotganliklari haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar.

Foto: REUTERS/Costas Baltas

Kosmetologiya olami shunchalik ilgarilab ketdiki, kampirni qo‘g‘irchoqday hurliqoga aylantirib qo‘yishga-da qodir. Bugungi kunda modaga aylanib ulgurgan lab va yuzni shishirib, o‘ziga xos shakl beruvchi botoks, filler haqida eshitmaganlar kam bo‘lsa kerak. Yuz qarishini sun'iy to‘xtatuvchi vitaminlar qabul qilganlar ham uchrab turadi. Xo‘sh, bu vositalar nimasi bilan ayollarni o‘ziga jalb etmoqda?

Botoks, filler va boshqalar haqida qisqacha

Botoks – bu yuzdagi ajinlarni yo‘qotish va labni shishirish uchun yuz mushaklariga yuboriladigan neyrotoksin. Ushbu preparat mushaklarni bo‘shashtiradi va terini tekislaydi. Botoks dinamik ajinlar paydo bo‘lishini kamaytiradi, terining silliq va yosh ko‘rinishiga yordam beradi. Jarayon jarrohlik usulida emas, ambulator sharoitda qisqa vaqt ichida amalga oshiriladi.

Filler ham yuzdagi ajinlarni yo‘qotishga xizmat qiladigan in'yeksion neyrotoksindir. Filler inglizchadan “to‘ldiruvchi” deb tarjima qilinadi va o‘z nomiga ko‘ra teridagi ajinlar o‘rnini to‘ldiradi.

“3-4 oylik kosmetologiya kurslarini tamomlaganlar botoks, filler va boshqa in'yeksion muolajalarni bajara olmaydi”

Kosmetolog Dildora Nuriddinova:

“Lab sohasiga filler ishlatilsa, yuzdagi ajinlarni yo‘qotish uchun botoksdan foydalaniladi. Filler mikromineral, vitaminlar, gialuron kislotasidan iborat. Botoks tarkibida toksin moddasi bo‘lgan, sho‘r suv (fizrastvor) bilan qo‘shib ishlatiladigan kukun hisoblanadi. Botoks ajinlarni “yoyish”, mushaklarni vaqtincha qotirib qo‘yish uchun ishlatiladi.

 Kosmetolog tomonidan noto‘g‘ri preparat tanlansa yoki mijoz tomonidan amaliyotdan keyin taqiqlangan harakatlar qilinsa, bu nojo‘ya ta'sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Muolajadan keyin mijoz amal qilishi kerak bo‘lgan shartlar bor. Ma'lum muddat davomida mijoz kosmetolog maslahatiga rioya qilishi kerak bo‘ladi.

Yuzga vitamin yuborish muolajasi ham mavjud. Ushbu usul 30 yoshdan oshgan ayollarga yuzdagi kollagen moddasi miqdori kamayishi sababli yuboriladi. Kollagen kamayishi oqibatida yuz terisi qurishi, husnbuzar, ajinlar paydo bo‘lishi kuzatiladi. Vitaminlar teri namligini ta'minlab beradi. Qabulimga kelgan mijozga muolajani qo‘llashdan oldin avval uning yoshi, yuz ko‘rinishi, umumiy holatini o‘rganib chiqaman. Agar ushbu muolajalarga ehtiyoj bo‘lmasa, muolajani maslahat bermayman.

 Lab, yuzni shishirishda yosh toifasi belgilangan. Hozirgi kunda yosh qizlar orasida labni shishiradigan fillerga qiziqish kuchaymoqda. Lekin 20-21 yoshdan kichik xotin-qizlarimizga bu muolaja tavsiya etilmaydi. Botoks esa 25-30 yoshdan boshlab qilinadi. Ushbu muolajalarni har 3-6 oyda olish tavsiya qilinadi. Botoks, filler, yuzga vitamin yuborish narxlari qanday sifatdagi, turdagi preparatlar qo‘llanilishiga qarab o‘zgaradi. Mijozlarim uchun yuzga ignali vitamin olish muolajasi 300 ming so‘mdan boshlanadi.

 Hozirgi vaqtda yetarli tajribaga ega bo‘lmaganlar ham kosmetologik xizmatlarni ko‘rsatishyapti. 3-4 oylik kosmetologiya kurslari bu uchun kamlik qiladi. Fikrimcha, tajriba orttirish uchun kamida 3-4 yil davomida izlanish kerak. Botoks, filler, yuzga vitamin yuborish muolajalari in'yeksion jarayon bo‘lib, bunda tibbiy malaka bo‘lishi kerak”.

“Tashqi ko‘rinishni o‘zgartirishga moyillik jismoniy jarohatlar va ijtimoiy muhit sababli paydo bo‘ladi”

 Psixolog Boboyor To‘rayev:

“Insonning o‘z tashqi qiyofasidan qoniqmaslik hissi individual tarzda hayotidagi har xil vaziyatlarda vujudga keladi va turli sabablar tufayli sodir bo‘ladi.  

Jismoniy nuqsonlar. Masalan, qaysidir organning noto‘g‘ri ishlashi, shaklining tug‘ma nomutanosibligi: bo‘y pastligi, barmoqlar kaltaligi va aksincha darozligi – bo‘yning o‘ta uzunligi. Shakl simmetriyasi buzilishi (gavdaning qiyshiqligi, burun qiyshiqligi, ko‘z va boshqa organlardagi nuqsonlar).

Mehr-e'tibor yetishmasligi. Ota-onasini yo‘qotgan yoki ota-onasi, yaqinlarning g‘amxo‘rligi, mehr-muhabbatdan ayro qolgan bolalarda bu holat kuzatiladi. Ota-ona e'tibori, mehrining yo‘qligi, ularning o‘zligi, qobiliyatiga bo‘lgan ishonchi pasayishi, keraksiz, jur'atsiz va “yetuk emaslik kompleksi” paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi”.

Mijoz o‘z tashqi ko‘rinishidan qoniqmasa yoki sog‘lig‘ida noxush holat yuz berganda kimga murojaat qilishi kerak?

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mas'ul xodimi:

Mutaxassis-kosmetolog mijozga xizmat ko‘rsatayotgan vaqtida yoki undan keyin mijozning tashqi ko‘rinishi yoki sog‘lig‘ida turli asoratlar paydo bo‘lsa, mijoz Sog‘liqni saqlash vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga, sudga yoki boshqa vakolatli organga murojaat qilib iste'molchi sifatidagi huquqlari buzilganligi uchun yordam so‘rashi mumkin.

Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnoma munosabatlariga kirishgan-kirishmaganidan qat'i nazar, har qanday iste'molchi tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish huquqiga ega.

Muvaffaqiyatsiz muolaja uchun kosmetologga javobgarlik bormi?

 Yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmagan shaxslarning botoks yoki filler muolajalaridan foydalanishi tavsiya etilmaydi. Boisi muvaffaqiyatsiz chiqqan amaliyot inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Badanga (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) shikast yetkazishda ifodalangan qilmish sog‘liqqa yetkazilgan zararning og‘irlik darajasiga qarab ma'muriy va hatto jinoiy javobgarlikka tortishga ham sabab bo‘lishi mumkin. 

 Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga ko‘ra, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yetkazilgan zarar zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

 O‘z tashqi ko‘rinishini sun'iy ravishda o‘zgartirishga islom dinida qanday qaraladi?

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mutaxassisi Abdulatif Tursunov:

 “Azaldan ayollar pardoz qilishga moyil bo‘lganlar. Avvalgi ayollarning qilgan pardozlari tabiiy vositalardan bo‘lgan. Ayniqsa tabiiy moylar, gul va ifor yog‘lari, surma, xina va o‘smadan pardoz uchun foydalanib kelishgan. Shuning uchun ular hatto 70-80 yoshlarida ham o‘z go‘zalliklarini yo‘qotishmagan. Ammo keyingi vaqtlarda nafaqat yoshlar, balki katta yoshdagi ayollarda ham sun'iy pardozga berilish hollari urf bo‘lib bormoqda.

Shariatimizda ayollarning qosh va yuzdagi tuklarni terishi yoki terdirishi, sun'iy tarzda husnini o‘zgartirishi gunoh sanaladi. Ko‘plab hadisi shariflarda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tanasiga surat chizdiruvchi, qosh teruvchi, qosh terdiruvchi, Alloh yaratgan husnni o‘zgartirib, sun'iy go‘zallikka harakat qiluvchi ayollarni la'natlaganlar. 

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Badanga igna bilan surat chizuvchi va chizdiruvchi ayollarga, qoshni teruvchi va terdiruvchi ayollarga, husn uchun tishlarining orasini ochuvchi ayollarga va Alloh yaratgan (shakl)larini o‘zgartiruvchilarga Alloh taoloning la'nati bo‘lsin” (Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Nasaiy rivoyati).

Bu hadisda Alloh taolo yaratgan tabiiy xilqatni o‘zgartiruvchi ayollarga la'nat bo‘lishi ta'kidlanmoqda. Fuqaholar mazkur hadisga ko‘ra, ayol kishi qoshi, yuzi va peshonasidagi tuklarni olishi yoki oldirishi shar'an harom ekaniga ittifoq qilganlar. Bunga hozirda ayollar orasida keng ommalashgan ko‘z, qosh va lablar shaklini sun'iy tarzda o‘zgartirish – tatuaj, rastushyovka va botoks qildirish kabilar ham kiradi.

Oilali ayol erining ruxsati bilan yuzidagi aybli hisoblangan tuklarini olishi joiz. Ayniqsa, ayolning yuzidan soqol yoki mo‘ylab chiqsa, jumhur ulamolar o‘sha tuklarni olib tashlash mustahabdir, deganlar. Sababi ayolning eri uchun ziynatlanishi shariat talabidir. Shuningdek, jumhur ulamolar ayol kishining qo‘li, oyog‘i, qorni va badanining boshqa joylaridagi tuklarni olishi mumkinligini aytishgan. Molikiy mazhabi fuqaholari esa bu ishni vojib, deyishgan.

Xulosa

Qadrli opa-singillar! Go‘zallik tabiiylikda ekanligini unutmang, botoks, filler va yana boshqalardan foydalanishdan oldin buning zararli oqibatlari haqida chuqurroq o‘ylang.  

Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri

Top