Oxirgi vaqtlarda teriga ishlov berib, odamlarni yoshartirish “daromadli biznes”ga aylandi. Bu sohaga kirish uchun talablar sust, kosmetologlar faoliyatini esa deyarli hech kim tekshirmaydi. Qisqa kurslarda o‘qigan, tibbiy bilimga ega bo‘lmagan “mutaxassislar” tanaga igna sanchib, uni kesib-tikib, in’yeksion muolajalarni bexavotir amalga oshiryapti. “Mualliflik texnikasi” deya tarmoqlarda reklama qilinayotgan protseduralar esa klinik tekshiruvlardan o‘tkazilmay, noqonuniy qo‘llanyapti. Bemorlar salomatligiga yetkazilgan zarar javobsiz qolmoqda. Kun.uz muxbiri mutaxassislar bilan bog‘lanib, ushbu holatga sabab bo‘layotgan muammolarni o‘rgandi.

Kosmetologiya – yuz, teri, soch, tirnoq va tananing boshqa tashqi elementlarini parvarishlash, estetik jihatdan yaxshilash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot sohasi. Mazkur yo‘nalishda ishlash uchun dermatologiya, farmakologiya, psixologiya bilimlari talab qilinadi.

Afsuski, O‘zbekistonda bu soha nazoratsiz rivojlanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan 7 kun, 1 oylik kurslar orqali “sertifikat” olib, amaliy tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘lmaganlar ham ineksion muolajalar o‘tkazyapti. Shuningdek, jarrohlik amaliyoti tashkil etish uchun litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, “go‘zallashtirish”ga xizmat qiluvchi operatsiyalarni bemorlarda tajriba tariqasida sinab ko‘rayotganlar ham topiladi. Tibbiy kosmetologiya va estetika bir-biriga aralashib ketgan: kosmetologiyaning sog‘liq bilan bog‘liq jihatlari yengil baholanmoqda.

Tibbiyot sohasida oliy ma’lumotga ega kosmetolog Guljahon Shirinovaning aytishicha, boshlang‘ich tibbiy bilimi (kollej yoki texnikum diplomi) mavjud bo‘lmaganlar ustoz-shogird an’analari asosida protseduralarni o‘rganib, murakkab muolajalarni bajarmoqda.

Bizda menejer bo‘lib ishlagan sobiq hamkasbimiz boshqa kosmetologlar ishiga qarab turib o‘rganib, hech qanday kurs yoki oliygohda o‘qimasdan, hozirda kosmetolog sifatida faoliyat yurityapti. Diplom yoki biror bir tibbiy ma’lumoti bor-yo‘qligini hech kim so‘ramaydi, talab qilmaydi. Bemorlar ham muolajalardan avval mutaxassisning qanday malakaga egaligini surishtirmaydi. Odamlarning aksariyati Instagramʼda ko‘rganiga ishonib keladi – reklamalarda namoyish qilinayotgan surat va videolar o‘sha kosmetologning haqiqiy ishimi yoki o‘g‘irlangan surat, buni tekshirib ko‘rishmaydi”, ­– deydi u.

Ko‘pchilikda ushbu yo‘nalish tibbiy xizmat hisoblanadimi yoki yo‘qmi o‘zi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aslida kosmetologiya bir nechta turga bo‘linadi, ularning ayrim turlari to‘liq tibbiy xizmat sanaladi, ba’zilari esa parvarishlovchi-gigiyenik servis bo‘lib, yarim tibbiy tusga ega hisoblanadi.