O‘zbekiston | 08:10 / 01.03.2021
2845
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi biznesni qanday qo‘llab-quvvatlashi aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
 
Norma’ning yozishicha, quyidagi hujjatlar tasdiqlandi:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizom (1);

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom (2).
 
Agentlik vakolatli davlat organi bo‘lib, unga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi. Agentlik direktorining o‘rinbosarlaridan biri bir vaqtning o‘zida Jamg‘armaning ijro etuvchi direktori hisoblanadi.
 
Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • mamlakatda tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini yuritish;
  • aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, mikromoliyalash tizimini takomillashtirish hamda tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni joriy etish;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha davlat va hududiy dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • tadbirkorlik sub'yektlarini nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirish;
  • Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyatiga rahbarlik qilish va jamg‘arma tomonidan berilayotgan moliyaviy yordamlar ko‘lamini kengaytirish, yangi moliyaviy yordam turlarini joriy qilish hamda samarali boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish va boshqalar.

Agentlik quyidagi huquqlarga ega:

  • tadbirkorlik masalalari bo‘yicha hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, ishlab chiqishda ishtirok etish, shuningdek ular bo‘yicha o‘z xulosalarini berish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlardan o‘z vakolatlariga kirgan masalalar bo‘yicha ma'lumotlar va materiallarni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
  • Agentlikka yuklangan vazifalardan kelib chiqib, tadbirkorlik sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
  • kontrakt asosida malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni xodimlar hamda maslahatchilar sifatida jalb qilish;
  • normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini hamda Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni vazirlikka kiritish.

Agentlik Toshkent shahri, Qoratosh ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashtiriladi.
 
Nizomga (2) muvofiq, Jamg‘arma barcha huquqlar, majburiyatlar va shartnomalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining huquqiy vorisi hisoblanadi. 
 
Jamg‘armadan moliyaviy yordam olish uchun berilgan arizalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha elektron hujjatlar aylanishi prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-4417-son qarorida ma'qullangan elektron hujjatlar aylanishi sxemalariga muvofiq amalga oshiriladi.
 
Nizomda belgilanishicha, oldin Jamg‘armaning moliyaviy yordamini olgan shaxs amaldagi kafillik shartnomasi bo‘yicha shartnoma amal qilgan kredit bo‘yicha qarzdorlik to‘liq qaytarilganda, Jamg‘armaga kafillik va/yoki kompensatsiya olish uchun takroran murojaat qilishga haqli bo‘ladi. Shuningdek kafillik va kompensatsiya taqdim etish to‘g‘risidagi shartnoma tomonlarning roziligi bilan bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda takroran murojaat qilish mumkin.
 
Jamg‘arma quyidagi manzilda joylashgan: Toshkent shahri, Qoratosh ko‘chasi, 1-uy.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid