19:27 / 05.03.2021
9774

«Bunga normal holat sifatida qarash kerak» – vazir o‘rinbosari ayrim import mahsulotlari uchun davlat xaridlari cheklanganiga izoh berdi

Avvalroq hukumat xorijda ishlab chiqarilgan 529 xil mahsulotning davlat xaridlaridagi ishtirokini vaqtincha taqiqlagandi. Bu taqiq iqtisodchilar va boshqa soha vakillari o‘rtasida keng muhokama qilindi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov O‘zbekistonga importi to‘xtatilgan 529 xil mahsulot atrofidagi muhokamalar yuzasidan izoh berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Odilbek Isoqovning aytishicha, davlat xaridlari juda yirik bozor va unda mahalliy tadbirkorlar ishtirokini ta'minlash iqtisodiyot uchun muhim o‘rin tutadi.

«Bu ro‘yxatga yurtimizda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan va muqobili mavjud bo‘lgan mahsulotlar kiritilgan. Uni kimdir proteksionizm deydi, yana kimdir boshqa fikrlarni bildiradi.

Davlatning strategik maqsadi aholi farovonligini, bandligini ta'minlash, ishsizlikni kamaytirish bo‘lsa, buning uchun nima qilinadi, deganda tadbirkorlarga ko‘proq imkoniyatlar berish, ularga bozorni yaratib berish zarur. Chunki davlat xaridlari eng katta – 12 milliard dollarlik bozor. Yaxlit olib qarasangiz, bu uncha-muncha eksport bozorlaridan katta bozor.

Ayniqsa, pandemiya tugaganidan keyin juda ko‘p tashkilotlarimizda, ko‘plab tadbirkorlarda mana shu bozorlar qisqardi. Eksport qilish salohiyatlari tushdi. Chegaradan o‘tib boshqa mamlakatga borish qanchalik qiyin bo‘lyapti?! Reyslar kamayib ketyapti.

Mana shu bozorni ta'minlab berishimiz, tadbirkorlarga  vaqtinchalik bo‘lsa ham kelajakdagi faoliyati, ishchi o‘rinlarini qisqartirmaslik uchun yordam beradi. Umuman olganda, iqtisodiyotimiz o‘sishi uchun foydali.

Balki bu narsalar kelajakda olib tashlanar, men bilmayman. Lekin bu butun dunyoda qo‘llanadigan chora-tadbir, faqat O‘zbekiston uchungina xos emas. Boshqa mamlakatlarda ham shunaqa cheklovlar bo‘lyapti. Bunga normal holat deb qaralishi kerak», – dedi vazirlik rasmiysi.

Avvalroq O‘zbekiston hukumati xorijda ishlab chiqarilgan 529 xil mahsulotning davlat xaridlaridagi ishtirokini vaqtincha taqiqlagani xabar qilingandi. Bu holat iqtisodchilar va boshqa soha vakillari muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, deputat  Doniyor G‘aniyev davlat xaridlari tizimidagi muammo va kamchiliklar, yangi tahrirda qabul qilinishi kutilayotgan qonun haqida to‘xtalib o‘tgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri Senatga ma'qullash uchun kiritildi. Qonunda ko‘plab o‘zgarish va yangiliklar kutilmoqda. 

Top