Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida davlat xaridlari tizimidagi muammo va kamchiliklar, ularning yechimi yuzasidan qilinayotgan ishlar haqida fikr va mulohazalarini bildirdi.
Deputat Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, endilikda xarid qoidalarini buzgan shaxslarga javobgarlik choralari qo‘llaniladi. Tizimda shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha bir qator mexanizmlar yo‘lga qo‘yiladi. Quyida u tomondan bildirilgan fikrlar ixchamlashtirilgan holda taqdim etiladi.
Davlat xaridlari aholi e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda
2020 yilda jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan muammolardan biri, bu bevosita davlat xaridlari masalasi bo‘ldi. Nafaqat davlat korxonalari, balki davlat ulushi bo‘lgan yirik korporativ korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan davlat xaridlari ustidan ochiq – shaffof jamoatchilik nazoratini o‘rnatish davr talabiga aylanyapti.
Bu bir tomondan amaldagi tizimda – qonunchilikda kamchiliklar borligini anglatsa, ikkinchidan tomondan, bizning jamoatchilik ham rivojlanayotgan demokratik davlatlar kabi o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirayotganini ko‘rsatadi. Bu, albatta, quvonarli.
Endi to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat xaridlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, davlatimiz rahbari murojaatnomada bundan buyon davlat xaridlari jamoatchilik va parlament nazoratida bo‘lishiga e’tibor qaratdi. Bu yerda ikki narsaga: jamoatchilik va parlamentga urg‘u berilyapti.
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri nima uchun kerak?
Shu kunlarda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrir loyihasi Oliy Majlis palatalari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Biz bunda davlat rahbari tomonidan alohida belgilangan vazifalarni aks ettirishga harakat qilmoqdamiz. Jamoatchilik nazorati nuqtayi nazaridan qonun loyihasida Moliya vazirligi huzurida maxsus veb-portal ochish ko‘zda tutilyapti.
Barcha davlat xaridlari, jumladan, korporativ xaridlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar ushbu veb-portalda jamlanadi, tahlil qilinadi va to‘liq, ochiq shaklda jamoatchilikka taqdim etiladi.
Biz yangi qonun loyihasi bilan tizimga shunday talab qo‘ymoqdamizki, endi bu portalda hamma ma’lumot avtomatik tarzda tahlil qilinib, jamoatchilikka oshkora ko‘rsatiladi.
Ikkinchi masala – parlament nazorati. Qonunda bundan buyon barcha davlat xaridlari va korporativ xaridlar ustidan hisob palatasi tomonidan yillik audit o‘tkazishni aks ettirishga harakat qilyapmiz. O‘tkazilgan auditning natijalari belgilangan tartibda Oliy Majlis palatalari, asosan, Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.







