«Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi. Loyiha muhokama uchun qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portaliga joylashtirildi, amaldagi qonun Senat tomonidan 2009 yil 28 avgustda ma'qullangan.

Foto: Shutterstock
Norma’ning yozishicha, qonun loyihasi ancha kengaytirildi, unga so‘nggi yillarda qabul qilingan huquqiy hujjatlar ham kiritildi. U 15 bo‘lim, 26 bob va 94 moddadan iborat (amaldagi qonun 8 bob va 34 moddadan tashkil topgan).
Qonunning maqsad va vazifalari kengaytirildi, xususan, quyidagilar asosiy vazifalar hisoblanadi:
- O‘zbekistonda sanoatni rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishni ta'minlash va aholi farovonligini yuksaltirish, ishonchli, xavfsiz, barqaror hamda arzon elektr ta'minoti tizimini yaratish uchun huquqiy asoslarni shakllantirish;
- belgilangan narxlar, elektr ta'minot uzluksizligi, xizmat ko‘rsatish nuqtayi nazaridan iste'molchilarni, xususan aholining zaif qatlamiga alohida e'tibor bergan holda ular manfaatlarini himoya qilish;
- elektr energiyasi jiddiy to‘siqlarsiz sotiladigan likvidli bozorni shakllantirish maqsadida samarali, shaffof, tabaqalashmagan va raqobatbardosh elektr energiyasi bozorining yuzaga kelishi, ochilishi va rivojlanishiga ko‘maklashish;
- elektr energetika korxonalari huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilash hamda ularning o‘zaro va davlat hokimiyati organlari bilan munosabatlari uchun huquqiy asoslarni ta'minlash;
- elektr energetika korxonalarining ijtimoiy xizmat ko‘rsatish majburiyatlariga tegishli qoidalarni belgilash;
- elektr energetika tarmog‘ini shaffof va tabaqalashmagan tarzda faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida elektr energetika korxonalarini bo‘lish va qayta tashkil etish qoidalarini belgilash;
- elektr energiyasini qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash;
- elektr energiyasini import (eksport) qilishdagi tartib va qoidalarni belgilash va boshqalar.
Qonun qo‘llanish doirasi haqidagi modda kiritilmoqda, u atom energiyasini ishlab chiqarishga ham tatbiq etiladi. Qonun «Elektr energetika tarmog‘idagi faoliyatning tamoyillari» deb nomlangan yangi bob bilan to‘ldirilmoqda, «Asosiy tushunchalar» bobi ancha kengaytirildi.