14:21 / 06.03.2021
78872

Qattiq “x”mi yoki yumshoq “h”: qanday farqlash kerak?

O‘zbek-lotin alifbosiga o‘tish «x» va «h» harfli so‘zlar imlosidagi xatolar kamayishiga ham yordam beradi, deydi filolog Ravshan Jomonov. Lug‘atshunos olimning navbatdagi videodarsida «x» va «h» harfli so‘zlar imlosi haqida so‘z boradi.

O‘zbek-lotin alifbosiga o‘tish “x” va “h” harfli so‘zlar imlosidagi xatolar kamayishiga ham yordam beradi, deydi filolog Ravshan Jomonov. Lug‘atshunos olimning navbatdagi videodarsida “x” va “h” harfli so‘zlar imlosi haqida so‘z boradi.

Bahsli “x” va “h” harfli so‘zlar imlosi haqida gapirganda, masalani to‘g‘ri anglash uchun, avvalo, kirill adifbosidagi holatlarni ham ko‘rib o‘tish lozim. Kirill alifbosida bu ikki tovushni ifodalash uchun bir-biriga shaklan yaqin ikki harf qabul qilingan. Bu shaklan o‘xshashlik ayrim sheva vakillari nutqida ikki tovushni bir-biridan farqlamaslikka, yozuvda ajrata olmaslikka olib keladi.

Natijada esa ularni birlashtirishga harakat qilishadi. Aslida, unday emas. Chunki mazkur tovushlar hosil bo‘lish o‘rniga ko‘ra butunlay boshqa-boshqa tovushlar hisoblanadi.

“х” tovushi o‘zbek adabiy tilida og‘iz bo‘shlig‘ida yuqori tanglayda hosil bo‘ladi. “h” esa bo‘g‘izda hosil bo‘ladigan tovush.

O‘zbek tili haqida dars o‘tilayotganda mazkur tovushlarni yumshoq (h) va qattiq (x) deb tushuntiramiz, lekin bu noto‘g‘ri yondashuv. Sababi — o‘zbek adabiy tilida yumshoqlik va qattiqlik hodisasi yo‘q, shuning uchun aslicha tushuntirgan maʼqul.

Filologiya fanlari nomzodi, lug‘atshunos Ravshan Jomonov

O‘rganuvchini qiynaydigan narsalardan biri kirill yozuvidagi shaklan (х, ҳ) o‘xshashlikda. Shu boisdan ko‘z ko‘nikmasi va talaffuz bir-biriga yaqinlashib qoladi.

O‘zbek-lotin alifbosida bu masala oqilona hal etilgan. Bo‘g‘iz tovushi uchun “Hh” harfi, qattiq tanglayda hosil bo‘ladigan, chuqur til orqa tovushi uchun esa “Xx” harfi qabul qilingan.

O‘zbek tilida bu tovushlar fonologik vazifa bajaradi, yaʼni so‘zlar maʼnolarini tubdan o‘zgartiradi. Agar bu o‘rinda bir harfda xato qiladigan bo‘lsak, so‘zni noto‘g‘ri ishlatgan bo‘lib qolamiz. Masalan,

  • xam — ham;
  • xil-xil — hil-hil;
  • xush — hush;
  • xirs — hirs kabi.

Yuqoridagi qatorlarda keltirilgan so‘zlarda bu ikki tovush bir-biriga yaqindek ko‘rinadi, lekin aslida, unday emas, ulardagi maʼnolar butunlay farq qiladi.

  • Xam: boshni xam qilmoq — boshni egmoq;  ham: yuklama.
  • Xil-xil: turli, turfa, xilma-xil;   hil-hil: maromida pishgan.
  • Xush: yoqimli;   hush: ong, shuur, aql.
  • Xirs: ayiq;   hirs: biror narsaga rag‘bat.

“x” va “h” harfi qatnashgan so‘zlarni yozish juda ham murakkab emas. Ikkilanadigan o‘rinlar bo‘lganda, albatta, imlo lug‘atlariga murojaat qilish kerak.

O‘zbek tilidagi “x” va “h” harfli so‘zlarning boshqa tillarda qanday yozilishi masalasi ham bor. Bunda, “x” harfi “kh” shaklini olsa, “h” o‘zgarishsiz qoladi:

  • Хива, Xiva – o‘zbekcha; Khiva – inglizcha.
  • Бухоро, Buxoro – o‘zbekcha; Bukhara – inglizcha.
  • Шаҳрисабз, Shahrisabz – o‘zbekcha; Shahrisabz – inglizcha.

Yigitali Mahmudov yozib oldi
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov

Mavzu
Lotin va kirill imlosi

O‘zbekiston lotin alifbosida qolgani yaxshimi yoki kirill alifbosiga qaytish kerakmi? Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar shu mavzuni keng muhokama qilmoqda.

Barchasi
Mavzuga oid
Top