O‘zbekiston | 14:07 / 07.03.2021
14053
4 daqiqa o‘qiladi

SSP noqonuniy imoratlarni sud qarorisiz buzish bandi kiritilgan qaror loyihasiga qarshi pozitsiya bildirdi

Noqonuniy qurilgan qurilish obektini majburiy buzdirish bo‘yicha dalolatnoma ijro hujjati hisoblanishi to‘g‘risida band kiritilgan prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi. SSP noqonuniy qurilgan imoratlar sud qarori bilangina buzilishi mumkinligi haqida jamaoatchilik ekspertizasi xulosasini taqdim etdi.

Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Yerlardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni (ID-29665) loyihasi yuzasidan jamoatchilik ekspertizasi xulosasini taqdim etdi.

Xulosada keltirilishicha, loyihaning 3-bandida «noqonuniy qurilish obektini majburiy buzdirish bo‘yicha dalolatnoma ijro hujjati hisoblanadi va Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining hududiy bo‘linmasiga majburiy buzdirish hamda aniqlangan xarajatlar aybdor shaxsdan regress tartibida undirish choralari ko‘riladi», deb belgilangan. Ammo Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da'vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.

«Ko‘rinib turganidek, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday qurilish obektlari sud qarori asosidagina buzilishi mumkin», deya munosabat bildirilgan SSP.

Bundan tashqari, savdo-sanoat palatasi qaror loyihasining 6-bandida «bo‘sh turgan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslardan o‘tgan yil davri uchun o‘rnatilgan yer solig‘i stavkasiga nisbatan 5 karra miqdorda, muhofaza zonalari hududlarida joylashgan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslardan o‘tgan yil davri uchun o‘rnatilgan yer solig‘i stavkasiga nisbatan 10 karra miqdorda undiriladi», deb belgilanganiga qarshi pozitsiyada turmoqda.

Palata xulosasiga ko‘ra, normada nazarda tutilgan yangicha javobgarlik choralarini belgilash amaldagi qonunchilik talablariga mutlaqo ziddir. Bunga palata Soliq kodeksining 424-433-moddalari asos qilib ko‘rsatgan.

«Yer solig‘i to‘lovchilari mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida yerdan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslardir. Bo‘sh turgan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslarda esa, bunday huquq mavjud emas va ular yer solig‘i sub'yektlari hisoblanmaydi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 19.05.2020 yildagi PF-5997-sonli farmoni 5-bandiga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlik belgilovchi huquqiy normalarning faqatgina qonunlar bilan o‘rnatilishi belgilangan. Shu sababli, loyihadan mazkur xatboshini chiqarib tashlash lozim», deyiladi xulosada.

Avvalroq, savdo-sanaoat palatasi 2025 yil 1 yanvarga qadar avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari, tabiiy gazdan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqaradigan korxonalar hamda issiqxona xo‘jaliklari qurilishiga yer ajratilmasligi taklif etilgan hukumat qarori loyihasi yuzasidan jamaoatchiliki ekspertizasi xulosasini e'lon qilgandi.  SSP ushbu taklifni ishbilarmonlik holatiga salbiy ta'sir qilishi mumkin deb topgandi. Bundan tashqari, taklif gaz yetkazib berishda muammolarni bartaraf etish bilan asoslantirilgan bo‘lsa-da, boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi ta'kidlangan edi.

Mavzuga oid