O‘zbekiston | 20:28 / 03.12.2025
9302
3 daqiqa o‘qiladi

Bu «hayfsan» bilan bitadigan ish emas: Shahrixonda buzib tashlangan tandirlar badalini kim to‘laydi?

Shahrixonda «ekologiyaga zarar yetkazayotgani» vaji bilan tandirlarning buzib tashlanishi ortida tuman hokimi Hikmatullo Dadaxonov turgani ma’lum bo‘ldi. U «hayfsan» bilan jazolandi, ammo ochiq qolayotgan savollar bor: tandir egalariga yetkazilgan zararni kim to‘laydi? Kimdir huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortiladimi?

Foto: Shahrixon tumani hokimligi

Fuqarolik qonunchiligiga muvofiq mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir.

Tandir ham mulk hisoblanadi.

Davlat buzilgan xususiy mulk huquqi tiklanishini va uning sud orqali himoya qilinishini kafolatlaydi. Mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni uni yetkazgan shaxs tomonidan qonunchilikka muvofiq to‘la hajmda qoplanishi kerak.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 61-2-moddasiga ko‘ra o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, oz miqdorni (BHMning 30 baravarigacha, 12 mln 360 ming so‘mgacha) tashkil etsa bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Tandir yasovchilar bilan gaplashdik, bir dona tandir narxi o‘rnatib berishi bilan 3-4 mln so‘m atrofida bo‘lmoqda. Demak, ma’muriy huquqbuzarlik tarkibi bor.

Voqealar rivojini kuzata olmay qolganlar uchun eslatib o‘tamiz:

Andijonda havo ifloslanishiga qarshi reydlar somsaxonalarni ham qamrab oldi. Xususan, Shahrixon tumanida somsa yopiladigan tandirlar ekskavatorlar bilan buzib tashlangan.

Tuman hokimligi bayonotida aytilishicha, reydlar viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning topshirig‘i asosida o‘tkazilgan.

Tandirlar buzilishi internetda rezonansga sabab bo‘lgach hokimlik Telegram-kanalidan bu xabar, unga ilova qilingan video va suratlar o‘chirib yuborildi.

Tumanni 2017 yildan buyon boshqarib kelayotgan Hikmatullo Dadaxonovga «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llandi.

Masala shu bilan yopilib ketsa qonunlar amalda ishlamagan bo‘ladi. Chunki bu yerda ikkita masala hali ochiq: tandir egalariga yetkazilgan zararni kim to‘laydi? Kimdir huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortiladimi?

huquqshunos

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid