18:09 / 16.03.2021
8489

Moliya vaziri: Pandemiya sabab qo‘shimcha tashqi qarz olishga ehtiyoj yo‘q

2021 yilda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun davlat budjetidan 3 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. O‘zbekistonda karantin choralari kuchaytirilgan taqdirda ham, xalqaro moliyaviy tashkilotlardan yordam olishga ehtiyoj yo‘q.

Moliya vaziri Timur Ishmetov

16 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligida jurnalistlar bilan «O‘zbekistonning tashqi qarzi» mavzusida ochiq muloqot shaklidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.

Moliya vaziri Timur Ishmetov joriy yilda Covid-19 infeksiyasiga qarshi kurashish uchun davlat budjetidan 3 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani, hozirgi sharoitdan kelib chiqib, pandemiya sabab qo‘shimcha tashqi qarz olishga ehtiyoj yo‘qligini aytib o‘tdi.

«Davlat tomonidan ajratilgan mablag‘ pandemiyaga qarshi kurashishda yetarli bo‘ladimi yoki yo‘qmi, buni hozir aytish qiyin. Chunki pandemiyaning qancha vaqt davom etishi butun dunyo bo‘yicha noaniq, mavhum bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yilning oxirida budjet shakllantirilayotgan paytda ham, hozir ham pandemiya bilan bog‘liq vaziyatda aniq raqamlarni aytish imkonsiz», deya Timur Ishmetovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U Xitoy moliyaviy tashkilotlari tomonidan berilgan pul mablag‘lari sabab O‘zbekiston qandaydir shartlarni basharish majburiyatlarini olgani haqidagi savolga ham javob qaytardi.

«Xitoy haqiqatan ham O‘zbekiston uchun asosiy qarz beruvchi davlatlardan biri. Bunda belgilangan iqtisodiy-moliyaviy shartlardan boshqa hech qanday majburiyat olmaganmiz.

Davlatlar o‘rtasida qarz jalb qilinayotganda aksariyat holatda garov talab qilinmaydi, davlatning makroiqtisodiy holati va rezerv imkoniyatlaridan kelib chiqib moliyaviy tashkilotlar pul ajratadi.

Xitoydan qarz olinayotgan paytda biz faqatgina qarzni vaqtida qaytarish majburiyatini olganmiz, O‘zbekiston Xitoydan qarzdorligi sabab uning vaksinasini sotib olish majburiyatini olgan degan gaplar asossiz», dedi vazir.

Timur Ishmetovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston tomonidan olingan tashqi qarzlarda davlat uchun eng muhim omil – olingan mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarish va respublikaning xalqaro maydondagi reputatsiyasini yo‘qotmaslik hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi 21,1 milliard dollarni tashkil etgan. Xalqaro davlat moliya tashkilotlari ichida Xitoy Eksimbanki (2 milliard dollar) va Xitoy taraqqiyot banki (2 milliard dollar) respublika tashqi qarzida salmoqli ulushga ega hisoblanadi.

Top