18:00 / 19.03.2021
9458
Energetika vaziri o‘rinbosari Qirg‘iziston bilan energiya almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi haqida ma'lumot berdi

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan energetika sohasidagi hamkorlik va keyingi kuz-qish mavsumida amalga oshiriladigan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, yaqinda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Qirg‘iziston delegatsiyasidagi energetika sohasidagi hamkorlar bilan bir oy davomida muzokaralar olib borilgan.

«Ming afsuski, orada munosabatlar buzilgani sabab hamkorlik to‘xtab qolgandi. Mana endi shunga kelishib oldik, bir-birimizga yelkadosh bo‘lamiz. Ma'lum miqdordagi elektr energiyasini bizda ortiqcha bo‘lgan paytda ularga berib turamiz, evaziga yozdagi uch oyda ular bizga shu elektrni qaytarib berishadi. Bu degani, o‘sha paytda gidroelektrstansiyasida suv chiqadi degani. Bu Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona viloyatlari qishloq xo‘jaligi uchun juda katta foyda keltiradi.

Qish oylarida soat 17dan to 21gacha elektr energiyasi sarfi birdaniga ortib ketadi, chunki odamlarda ehtiyoj oshadi shu vaqtda. Shu paytdagi energiya sarfini ta'minlash, chiroq o‘chmasligi uchun biz qaysidir stansiyamizdagi qo‘shimcha energoblokni ishga tushirishimiz kerak bo‘ladi. Bu juda katta sarf-xarajat talab qiladigan, samarasiz mehnat. O‘sha paytda biz qo‘shni davlatdan tunda elektr olib turish va kunduzi o‘zimizda ortiqcha paytda qaytarishga kelishib oldik. 10 mln kv/soatgacha energiya almashishga texnik imkoniyatlarimiz bor», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Sherzod Xo‘jayev kelgusi yilda kuz-qish mavsumida aholining elektr energiyasi bilan ta'minlanishi haqida ham gapirib o‘tdi. Bu mavsumda qariyb 1,5 ming megavatt yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushadi. Bundan tashqari, respublika bo‘yicha 4000ta transformator yangilanishi ko‘zda tutilgan.

«Senatda, deputatlar orasida tanqidga uchrash, to‘g‘ri, odamga alam qiladi, lekin judayam og‘ir emas. Eng og‘iri - xalqning ko‘ziga qarash. Toshkent viloyatida turaman, men ham uyimga borganimda qop-qorong‘i mahallaga kirib boraman. Kechirasiz-u, qo‘ni-qo‘shnilarim chiqib, ota-onamga e'tiroz bildirgan vaqtlar ham bo‘ladi. Chunki bilishadi rahbar lavozimida ishlashimni. Nega o‘zimizning mahallaga chiroqni hal qilib qo‘ymaydi, deb so‘rashadi.

Lekin bir hududda doim yonib, bir hududda doim chiroq bo‘lmasligi – buyam adolatdan emas. Ko‘p vaqtim odamlar bilan muloqotda o‘tadi, ularning ko‘ziga qarash juda og‘ir.

Har kuni yotishdan oldin dispetcher bilan gaplashganimda necha ming xonadon elektr tokisiz o‘tirganini bilaman. Ertalab soat 6da birinchi ishim shularda chiroq yoqildimi, yo‘qmi – so‘rash bo‘ladi, har kuni hisobotini eshitaman. Yozda dispetcherning hisoboti 1 daqiqa, qishda 15 daqiqa bo‘ladi», deydi u.

Energetika vaziri o‘rinbosari O‘zbekistondagi hamma podstansiyalar 2 baravar quvvat bilan ishlaydigan qilib qurilganini aytib o‘tdi.

«Bir narsani ochiq aytay, eng katta muammomiz nimadaligini. 1991 yildan boshlab to 2016 yilgacha sobiq SSSR davridan qolgan butun zaxirani yedik. Hamma podstansiyalarimiz 2 baravar quvvat bilan ishlaydigan qilib rejalashtirib qurilgan edi vaqtida. Hammasida zaxira quvvatlar bor edi – yeb tugatdik. Endi zaxira tugagach yana rekonstruksiya qilib mablag‘ sarflashimiz kerak bo‘lgan paytda iqtisodiyotimiz birdaniga o‘sishni boshladi.

«Hududiyelektrtarmoqlari» budjetidagi mablag‘larning bir qismi rekonstruksiyaga sarflansa, bir qismi yangi qurilishlarga sarflanadi. Lekin yangi qurilishlarga talab haddan ziyod ko‘p: zavod, fabrika, tadbirkorlik sub'yektlari, yangi qurilgan uylar – qancha ko‘p qavatli uylar qurilayotganini bilasiz. Shu sabab mablag‘imiz yetmay qolyapti. Agar oldingidan qolgan muammolar bo‘lmaganda edi, shu yilning o‘zida ta'minlash vazifasini bemalol bajara olardik. 30 yillik muammoni surib qo‘ya olmaymiz», deydi u.

Top