14:45 / 19.03.2021
5308
Urganch davlat universitetida 500 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi

Urganch davlat universitetida zamonaviy tipdagi 500 o‘rinli talabalar turar joyi qurilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur talabalar turar joyi qurilishida universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan jihozlash ishlari ham olib borildi.

Kecha, 18 mart kuni mazkur talabalar turar joyining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati jamoatchiligi, Senat a'zolari, faxriy ustozlar, universitetning professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar qatnashdi.

Tadbirni Urganch davlat universiteti rektori Bahrom Abdullayev ochib berdi. Rektor bugungi kunda oliy ta'lim tizimidagi sezilarli o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirdi. Shuningdek, Urganch davlat universitetida tahsil olayotganlarning soni keskin o‘sishi natijasida talabalar turar joyiga ehtiyoj ortganini aytib, mazkur talabni qondirish maqsadida bunyod etilgan ushbu binoni barpo etishda o‘z hissasini qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildirdi.

Shundan so‘ng, tadbir mehmonlari viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari San'atbek Salayev, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tajiyev so‘zga chiqib, butun universitet jamoasini, talaba-yoshlarni mazkur turar joyning ochilishi bilan, kirib kelayotgan Navro‘z ayyomi bilan tabrikladi.

Mazkur bino qurilish jarayonlari avvalida tamal toshini qo‘ygan faxriy ustoz, professor Otaboy Jumaniyozovichning tabrigi va ezgu niyatlar bilan qilgan duolaridan so‘ng lenta qirqish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari talabalar turar joyidagi sharoitlar bilan tanishish maqsadida bino bo‘ylab sayohat qildilar.

Talabalar turar joyining har qavatida 2 tadan 72 o‘rinli oshxona, madaniy dam olish xonalari va axborot resurs markazlari, xorijdan kelgan professor-o‘qituvchilar uchun mehmonxona tipidagi 25 kishilik alohida yashash joyi mavjud.

Yoshlar bandligini ta'minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida binoning yerto‘la qismida kovorking markazi, axborot texnologiyalari markazi, hunarmandchilik markazlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

Bularning barchasi yosh avlodning munosib shart-sharoitlarda ta'lim-tarbiya olishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Urganch davlat universiteti axborot xizmati

Top