13:37 / 01.04.2021
7604
Jizzaxdagi noma'lum portlash ovozining sababi ochiqlandi: magistral gaz quvuri yorilib ketgan

Joriy yilning 30 mart kuni tunda Jizzax viloyatining Zarbdor va unga yondosh tumanlarida odamlar qattiq portlash ovozini eshitishgan. Ma'lum bo‘lishicha, portlash ovozi shu tuman hududidan o‘tgan magistral gaz quvurining yorilishi natijasida kelib chiqqan. Bu haqda «O‘ztransgaz» AJ ma'lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, 30 mart kuni soat 21:57da Jizzax viloyati Zarbdor tuman «Nurafshon» shirkat xo‘jaligi hududidan o‘tgan diametri 1020 mm bo‘lgan «Paxtakor–Yangiyer» magistral gaz quvuri 1-tarmog‘i 30-kilometrida quvur yorilib ketgan.

Holat yuzasidan tezkorlik bilan vakolatli organlarga xabar berilgan. Natijada, soat 22:25da «O‘ztransgaz» AJ markaziy dispetcherlik xizmati ko‘rsatmasi bilan «Paxtakor–Yangiyer» magistral gaz quvurining 19-kilometri va 54-kilometrida berkitish moslamalari to‘liq yopilgan.

Quvur yorilishida hech kim jarohat olmagan va jabrlanmagan. Soat 00:00 atrofida maxsus brigada zaruriy avariya tiklash texnika vositalari bilan voqea joyiga yetib borgan. Avariya oqibatlarini bartaraf etish, magistral gaz quvuri faoliyatini tezkorlik bilan tiklash maqsadida shtab tashkil etilgan.

Energetika vaziri Alisher Sultonov hodisa ko‘lami va uni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni bevosita o‘rganish hamda tegishli chora ko‘rish uchun zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan.

Kecha, 31 mart kuni uzunligi 36 metr bo‘lgan quvur montaj qilingan va soat 17:00ga qadar magistral gaz quvuri ishga tushirilgan.

Ma'lumot uchun, mazkur magistral gaz quvuri 1984 yilda ishga tushirilgan.

Top