23:55 / 05.04.2021
4257
Tesla aksiyalari qiymati bir kunda 50 milliard dollarga o‘sdi

Tesla aksiyalari 5 aprelda NASDAQ birjasidagi savdo vaqtida 7,9 foizga qimmatlashib, bir donasi narxi 714 dollarga yetdi. Buning evaziga aksiyalarning umumiy qiymati 50 mlrd dollarga oshdi.  

Foto: Justin Sullivan / Getty Images

Kompaniya aksiyalari narxi Tesla 2021 yilning 1-choragiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab mijozlariga rekord sonda – 184 ming 800 ta mashina yetkazib berganini ma'lum qilgandan keyin yuqorilagan. Taqqoslash uchun shuni aytish mumkinki, Ilon Mask kompaniyasi 2020 yil 1-choragida 88 ming 400 ta mashinani o‘z egalariga yetkazib bergan.   

Mijozlarga yetkazilgan mashinalarning katta qismi Model 3 va Model Y modellariga to‘g‘ri kelgan.

 Kompaniya 2021 yil 1-choragida 180 ming 338 ta elektromobil ishlab chiqargan. 2020 yil 1-choragida bu ko‘rsatkich 102 ming 672 ta mashinani tashkil qilgandi. Tesla butun dunyoda chiplar tanqisligi va fevral oxiri-mart boshida AQShda ehtiyot qismlar yetkazib berilishidagi muammolarga qaramasdan, 2020 yilga nisbatan ishlab chiqarish hajmini deyarli 2 barobarga oshirishga muvaffaq bo‘lgan. 

 Prognozlarga ko‘ra, kompaniya joriy yilda 850 mingdan ko‘proq mashinani mijozlarga yetkazishi mumkin.  

 Umuman olganda, 2020 yilda Tesla 509 ming 737 ta mashina ishlab chiqargan va 499 ming 55 ta mashinani o‘z egalariga yetkazib bergan. Joriy yanvarda kompaniya 2020 yilga nisbatan ishlab chiqarish hajmini 50 foizga oshirmoqchiligini ma'lum qilgan. Ushbu rejaga ko‘ra, kompaniya 2021 yilda mijozlarga taxminan 750 mingta mashina yetkazmoqchi.

Top