15:43 / 08.04.2021
9729

Bishkekda ichki ishlar vaziri iste'fosini talab qilib miting o‘tkazilmoqda

Miting ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, militsiya xodimlari o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaramoqda va fuqarolar o‘limiga olib kelayotgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarga e'tibor bermayapti.

Foto: 24.kg

Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi binosi oldida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harakatsizligiga qarshi miting o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi TASS.

Xabarda aytilishicha, mitingda 200 nafarga yaqin kishi qatnashmoqda, ular ichki ishlar vaziri Ulan Niyazbekovning iste'fosini talab qilishmoqda. Miting ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, militsiya xodimlari o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaramoqda va fuqarolar o‘limiga olib kelayotgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarga e'tibor bermayapti.

Miting o‘tkazilishiga 26 yoshli Ayzada Kanatbekovaning o‘ldirilishi sabab bo‘ldi. 5 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda noma'lum shaxslar ayolni avtomobilga kuch bilan o‘tqazib, uni olib qochishgani aks etgan videolavha tarqaldi.

Oradan ikki kun o‘tgach, Bishkek chetida ayol va uni olib qochganlardan birining jasadi bo‘lgan avtomobil topildi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, erkak avval Kanatbekovani o‘ldirgan, so‘ngra o‘z joniga qasd qilgan.

Miting qatnashchilari jamoatchilik bong urishiga qaramasdan, IIV ayolni qidirib topish va uni qutqarish uchun hech qanday harakat qilmagan deb hisoblashmoqda.

Mavzuga oid
Top